Bugun, 9 avgust kuni Toshkentda Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlarida ishtirok etgan O`zbekiston delegasiyasini rasmiy kutib olish marosimi o`tkaziladi.
Sportchilarimiz va rasmiy delegasiyani joy olgan samolyot soat 20:00da Toshkent Xalqaro aeroportiga qo`nishi rejalashtirilgan. Bayramona kutib olish tadbirida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboeva, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Turizm va sport vazirligi, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi, Ommaviy axborot vositalari xodimlari, Sport federasiyalari rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, marosimda sovrindor sportchilar ota-onalari, Yulduz Usmonova, Yodgor Sa`diev, Ozodbek Nazarbekov singari san`atkorlarning chiqishi rejalashtirilgan.
Delegasiyamiz etib kelgach, Olimpiyachilarimiz 21:00 dan ko`rsatilgan manzil tomon “Bobur”, “Nukus”, “Oybek”, “Sh.Rashidov”, “I.Karimov” ko`chalari va A.Temur xiyoboni bo`ylab ikki qavatli maxsus avtobuslarda sayrga chiqishadi.
Bugun yurtimizga medal bilan qaytayotgan sportchilarga prezident sovg`asi «Tahoe» va «Trailblazer» avtomobillari hozirlanayotgani videosi tarqaldi.
Tribuna.uz ma`lumotiga ko`ra, sovrindorlarga avtomobildan tashqari xonadon kalitlari ham topshiriladi.
Ma`lumot uchun, bayramona kutib olish marosimidan intervyular, jonli efir va sportchilarning Toshkent bo`ylab sayohatini darakchi.uz muxbirlari voqea joyidan yoritib borishadi.






