Tolibon jangarilari Afg`onistonning Tojikiston va O`zbekiston bilan chegaralarini nazoratga olishdi hamda ular tezkor hujumni davom ettirmoqda, dedi Rossiya mudofaa vaziri.
Sergey Shoygu seshanba kuni Moskvada yoshlar konferensiyasida Tolibon rahbarlari qo`shni davlatlarga hududni qo`lga kiritgandan keyin hujum qilmaslikka va`da berishganini aytgan.
Shunga qaramay, Rossiya qo`shma harbiy mashg`ulotlarni o`tkazishda davom etadi.
Mudofaa vazirining aytishicha, «to`g`ridan-to`g`ri tajovuz qilingan taqdirda» Rossiya KXShT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) chegaralarini himoya qilish uchun Tojikiston va Qirg`izistondagi bazalardan foydalanadi. Uning fikricha, KXShT mamlakatlari Afg`oniston yo`nalishida Rossiyaning yordamiga muhtoj. Bu holda gap Rossiyaning harbiy xavfsizligi haqida ketmoqda.
Vazir shuningdek, O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`iziston va Qozog`iston ofiserlarining aksariyati Rossiya oliy o`quv yurtlarida tayyorlanayotganini aytib o`tdi. «Biz, shuningdek, Tojikiston va Qirg`iziston armiyasini modernizasiya qilish bilan shug`ullanyapmiz», — deya qo`shimcha qildi u.
Mudofaa vazirligi rahbari O`zbekiston va Tojikistonning ehtimoliy provokasiyalarni qaytarishga tayyor turishi Rossiya uchun muhim ekanini ta`kidladi.
«Ilgari ham Afg`onistondan keladigan tahdidlar — giyohvand moddalar savdosi, terrorchilar O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`iziston orqali mamlakatimizga kirib borardi, bu holat kamaygani yo`q. Shuning uchun hamkasblarimiz, ittifoqchilarimiz, KXShT bo`yicha hamkorlarimiz bunga tayyor bo`lishi biz uchun o`ta muhim. Buning uchun tabiiy ravishda biz hamma narsani qilamiz»,— dedi Shoygu.






