Italiyaning “Roma” klubi 14 avgust, shanba kuni Marokashning “Raja” klubiga qarshi nazorat o`yini o`tkazdi.
Eldor Shomurodov uchrashuvning 17-daqiqasida gol urib rimliklarni oldinga olib chiqdi. Oradan uch daqiqa o`tib, Janluka Manchini oradagi farqni oshirdi. Ikkinchi bo`lim debyutida Shomurodovning uzatmasidan keyin Genrix Mxitaryan hisobni yirik ko`rinishga olib keldi.
60-daqiqada Eldor zaxiraga olindi. Qolgan vaqtda “bo`rilar” yana ikki bor raqib darvozasini ishg`ol qildi. 85-daqiqada Karles Peres o`z hisobiga gol yozdirib qo`ygan bo`lsa, 89-daqiqada Borxa Mayoral yakuniy hisobni o`rnatdi.
Ma`lumot uchun, Shomurodov “Roma”dagi ketma-ket ikkinchi o`yinida ham gol urdi. Avvalroq o`zbekistonlik futbolchi “Betis”ga qarshi nazorat o`yinida (2:5) gol urgandi.