XDPdan O`zbekiston prezidentligiga o`z nomzodini ko`rsatgan Maqsuda Vorisova Afg`oniston voqealariga munosabatini bildirdi.
" – O`zbekiston hukumati Afg`onistondagi vaziyat bo`yicha amalga oshirayotgan faol siyosiy va diplomatik sa`y-harakatlar xalqimizning xohish-istagiga ham mos bo`lib, xalqimiz xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan, deb o`ylayman.
Qo`shni mamlakatdagi holat Xalq demokratik partiyasi faollarida ham chuqur xavotir uyg`otmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi to`lqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afg`on xalqi hayotini yanada murakkablashtirmoqda. Ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar bo`lishiga yo`l qo`ymaslikka chaqiramiz.
Urush afg`on xalqining tanlovi emas. Keskin nizoli vaziyat oqibatida minglab afg`onistonliklar qochoqqa aylandi, begunoh insonlar, bolalar, ayollar, qariyalar ko`chada qoldi. Bu holat davom etmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish zarur.
2020 yilning sentyabr oyida boshlangan bevosita tinchlik jarayoni, afg`onlararo to`g`ridan-to`g`ri muloqotni davom ettirish muhim, deb hisoblaymiz. Endilikda ko`p narsa Afg`oniston xalqining mustahkam irodasi, birligi va qat`iyatiga bog`liq.
Bu mamlakatda tinchlikni ta`minlash faqatgina xavfsizlik muammolarini hal qilishdangina iborat emas. Iqtisodiyotni tiklamasdan, aholining murakkab ijtimoiy muammolarini hal qilmay turib, bu mamlakatda tinchlikka erishib bo`lmaydi. Buning uchun, albatta, xalqaro tashkilotlar, insonparvarlik yordamini ko`rsatuvchi uyushmalar faol pozisiyada bo`lishlari talab qilinadi.
Afg`onistonda tinchlik haqidagi kelishuvlarning barqarorligi, avvalo, mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar – siyosiy partiyalar, harakatlar va etnik guruhlarning ushbu jarayonga jalb qilinishiga bog`liq bo`ladi. Davlat tizimidagi huquqni muhofaza qilish idoralari, tibbiy yordam ko`rsatish, eng zarur oziq-ovqatlar bilan ta`minlash tizimini saqlab qolish va rivojlantirish, fuqarolik jamiyati tuzilmasining to`liq ishlashi, aholi, jumladan, xotin-qizlar va bolalarning xavfsizligini kafolatlash dolzarb masalalardan bo`lib turibdi.
Doimo barqaror tinchlikni o`rnatish bo`yicha siyosiy jarayonlar Afg`oniston xalqi manfaatini ko`zlagan holda olib borilishi lozim", – deydi Maqsuda Vorisova .






