Qodirov o`zining Telegram kanalida O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, mamlakat bosh muftiysi vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi.
Keltirilishicha, Qodirov muftiyning o`limi haqidagi xabarni qayg`u hissi bilan qabul qilgan. Hamda Shayx Usmonxon Alimov Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya Qahramoni Ahmad Hoji Qodirovning yaqin do`sti bo`lganini qayd etgan.
«Ular 1980 yillardan beri tanish edilar, Toshkent islom institutida birga o`qishgan. Men ham Usmonxon Alimov bilan ko`p marta uchrashganman. Biz nafaqat Grozniyda, balki O`zbekistonda ham ko`rishganmiz. Toshkentga safarim chog`ida u meni juda samimiy kutib oldi, yuqori darajadagi mehmondo`stlikni ta`minladi, Ahmad Hoji bilan o`qigan yillarini esladi va bu haqda gapirdi. U juda dono, taqvodor va kamtar odam edi», — degan u.
Shuningdek, Qodirov Shayx Usmonxon Alimovni butun musulmon olami tanigani, hurmat qilgani va qadrlaganini ta`kidlagan.
«U o`z hayotini islom dinini o`rganish va tarqatishga bag`ishlagan, u Qur`on va Sunnat haqida bebaho bilim olgan ko`plab taniqli islom odamlarini tarbiyalagan. 2006 yildan O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasida faoliyat olib borgan. Shayx va`zlarida har doim yaxshilikka chaqirib, haromdan ehtiyot bo`lishni aytgan. Shu kunlarda bizning qalbimiz qardosh O`zbekiston xalqi bilan. O`zbekistonning muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoevga, Shayx Usmonxon Alimovning oilasi va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildiraman! Alloh taolo birodarimizga rahm qilsin!», — degan Checheniston rahbari.






