Argentina terma jamoasi va “Barselona” klubi hujumchisi Lionel Messi o`z butsalarini Misr mamlakatida hayriyaga yo`naltirish maqsadida kimoshdi savdoga qo`ygani uchun mahalliy aholining tanqidiga uchradi. Bu haqda lenta.ru xabar berdi.
Ushbu hodisa futbolchining Misrning MBC MASR telekanalidagi tok-shoudagi ishtiroki vaqtida sodir bo`ldi. Misr mamlakati aholisi argentinalik futbolchining ushbu xatti-harakatini haqorat sifatida qabul qilishdi. Bunday sovg`alar, odatda, misrliklar uchun nafrat ramzi hisoblanadi.
“Men o`zimni haqoratlangandek his qilyapman. Agar u bizni kamsitmoqchi bo`lsa, butsalarini o`z boshiga kiyib olsin yoki muxlislarining boshiga kiydirsin. U yaxshisi, butsalarini o`z mamlakatidagilarga bersin, u erda nochorlar ko`p”, – deydi Misr futbol federasiyasi matbuot kotibi Azmi Megahed.
Ma`lum bo`lishicha, Messining haqoratomuz qilmishidan so`ng misrliklar o`z oyoq kiyimlarini futbolchining vataniga jo`nata boshlagan.
Mazkur noxush voqea Argentinaning Boliviyaga qarshi (2:0) Janubiy Amerika qit`asidan JCh–2018 turniriga saralash bahsi 6-turidan oldin ro`y berdi. Messi ushbu o`yinda penaltidan gol kiritib, terma jamoasi safidagi gollari sonini 50 taga etkazgani haqida xabar bergan edik.