“Er uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek erlarni hisobga olish va davlat er kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartishga ko`ra, xalq deputatlari Kengashi hujjatlari ustidan sudga shikoyat qilish va prokuror protest keltirishi mumkinligi belgilandi.
Sug`oriladigan erni qurilish qilib o`zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun to`g`ridan-to`g`ri jinoiy javobgarlik (2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) o`rnatildi.
Sug`oriladigan erni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o`zgaga berish uchun javobgarlik belgilandi. Unga ko`ra, ushbu harakatlar og`irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo`llaniladi.
Bundan tashqari, qonun bilan erga oid qonunchilikni buzganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirildi.
Er kodeksida viloyat hokimlarining qishloq xo`jalik ehtiyojlari hamda boshqa davlat va jamoat ehtiyojlari uchun egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga er berish vakolati bekor qilinib, hokimlar faqat erni ijaraga berish bo`yicha tanlov yakunlarini tasdiqlashi mumkin.
Viloyat hokimlarining erga oid qaror loyihalari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi shart.
Tuman hokimlarining erni ijaraga berish huquqi cheklanib, quyidagi erlarni ijaraga berish shartnomasi tuman hokimligi bilan tuziladi:
➖ Hukumat tomonidan ilmiy-tadqiqot va ta`lim muassasalariga, agrosanoat klasterlariga, investorlarga berilgan erlar;
➖ viloyat hokimining elektron tanlov natijalarini tasdiqlashga oid qarori asosida ajratilgan erlar;
➖ elektron auksion asosida berilgan erlar;
➖ xorijiy investisiya ishtirokidagi korxonalar, xalqaro birlashmalar va tashkilotlar, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga Hukumat tomonidan ajratilgan erlar.






