O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Afg`onistonda bo`layotgan voqealar bo`yicha bayonot berdi.
Unga ko`ra, O`zbekiston Afg`onistondagi vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Ichki afg`on kuchlarining inklyuziv hukumat shakllantirishga tayyorligi haqidagi bayonotlar O`zbekiston tomonidan qo`llab-quvvatlanishi ta`kidlangan.
Bayonotda Dohadagi afg`onlararo muzokaralar doirasida keng ko`lamli tinchlikka erishilishiga, shuningdek mamlakatda hokimiyat tranziti xalqaro huquqning umume`tirof etilgan me`yorlarini inobatga olgan holda umumiy konsensus asosida tinch yo`l bilan amalga oshirilishiga umid bildirilgan.
" Ishonchimiz komil, vaziyatning bu yo`nalishda rivojlanishi milliy kelishuvga erishishga olib keladi hamda kuchli va layoqatli davlatni shakllantirish uchun sharoit yaratadi.
O`zbekiston tomoni Afg`oniston bilan an`anaviy do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini qo`llab-quvvatlashga va qo`shni davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga sodiqligini qat`iy bildiradi.
Hozirgi vaqtda O`zbekistonning Kobul va Mozori Sharifdagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda ishlamoqda.
O`zbekiston tomoni chegara himoyasini ta`minlash va chegara hududida tinchlikni saqlash masalalari bo`yicha “Tolibon” Harakati vakillari bilan yaqin aloqada bo`lib turibdi.
Shuni qat`iy ma`lum qilamizki, O`zbekiston davlat chegarasini buzishga bo`lgan har qanday urinishlar milliy qonunchilikka muvofiq keskin ravishda bartaraf etiladi.






