Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Qibray tumani «Chingeldi» mahallasi hududidan oqib o`tuvchi Chirchiq daryosida qizil rangdagi suv oqizilayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Ekopartiya Toshkent viloyat kengashi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, «Toshkent suv ta`minot» MChJ Chirchiq shahar bo`limi mutaxassislari tomonidan o`rganish olib borildi.
O`rganish davomida aniqlanishicha, Chirchiq daryosi Chingeldi hududidan o`tgan qismiga Chirchiq suv tozalash inshootidan kelib quyilayotgan qayta ishlangan oqova suv massasi tashlanmoqda. Suvning tashqi ko`rinishida, rangida kimyoviy moddalar mavjud ekani yaqqol namoyon bo`lmoqda.
Mutaxassislar fikriga ko`ra, Toshkent viloyatining Chirchiq shahri, Qibray tumani hududlarida joylashgan sanoat korxonalari tomonidan mazkur oqova suv tizimiga me`yoridan ortiq kimyoviy moddalar oqizilayotgani, ushbu korxonalarda zamonaviy lokal tozalash inshootlarining mavjud emasligi sabab bo`lmoqda.
O`zbekiston Ekologik partiyasi sanoat korxonalarida oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizasiya qilish hamda yangilarini qurish choralarini ko`rishga, suv tozalash inshootlari samaradorligini oshirish, ochiq suv havzalariga tashlanayotgan suv sifatini me`yorlar darajasida bo`lishini ta`minlashga chaqirdi.
Ayni paytda mutaxassislar tomonidan suvdan laboratoriya tahlili uchun probalar olindi, o`rganish davom etmoqda, deyiladi xabarda.






