Bu savolga O`zbekiston chorvachilik va parrandachilik ilmiy tatqiqot instituti, Qoramollar seleksiyasi bo`limi mudiri,Qishloq xo`jaligi fanlari nomzodi G`iyosov HUSANJON javob berdi.
– Hozirda aholi qaramog`ida bo`lib turgan mollarning 90 foizdan ortig`i zotli qoramollardir. Zotdor bo`lmagan, mahalliy zotga mansub mollar 10 foizni tashkil qiladi, xolos. Mollar zotini yaxshilash bo`yicha ham katta ishlar qilinyapti. Masalan, oxirgi 10 yilda chetdan 80 ming bosh naslli mollar olib kelindi. Bundan tashqari o`zimizda davlat naslchilik xo`jaliklari, davlat naslchilik fermalaribor. Qolaversa, qoramol etishtiruvchi aholining ma`lum qatlami faqat nasldor mollarni parvarish qilish va ko`paytirish bilan shug`ullanadi. Ularning asosiy ishi mollarning naslini yaxshilash. Chetdan olib kelingan naslli mollarning irsiy imkoniyatidan foydalanib, o`zimizning mahalliy qoramol zotlari naslini yaxshilashmoqda. Bizda avvallari faqat sut-qatiq uchun qoramol etishtirilgan bo`lsa, endi joylarda go`sht mahsulotlari chiqarishga ixtisoslashgan fermer xo`jaliklari faoliyat yuritmoqda. Masalan, Qoraqalpog`iston Respublikasi go`sht qoramolchiligiga ixtisoslashtirildi va u erga katta miqdorda go`shtdor mollar olib kelindi. Hozirda har bir tumanda investisiyalar asosida kamida 500 – 1000 boshga ega chorvachilik komplekslari tuzilgan.
Avvallari aholi bitta sigirdan 1,5 ming litr sut olgan bo`lsa, hozirda bu ko`rsatkich 2,5 ming litrga yaqinlashib qoldi.






