AsosiyJamiyat

2022 yilda O`zbekistonda ShHT davlat rahbarlari sammiti bo`lib o`tadi

'2022 yilda O`zbekistonda ShHT davlat rahbarlari sammiti bo`lib o`tadi'ning rasmi

Joriy yil 20 avgustda “O`zbekiston va ShHT: barqaror taraqqiyot yo`lida hamkorlik” mavzuida xalqaro davra suhbati bo`lib o`tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar berdi. 

Nisbatan qisqa davr ichida Evroosiyodagi eng nufuzli siyosiy tuzilmalardan biriga aylanib ulgurgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga bu yil 20 yil to`ldi.

O`tgan davr mobaynida ShHT xavfsizlik masalalari, xususan terrorizm, ekstremizm, ayrimachilik va narkotrafikka qarshi kurashda amaliy hamkorlikni yo`lga qo`yib, to`laqonli mintaqaviy tashkilotga aylanishga muvaffaq bo`ldi.

Tadbirning asosiy maqsadi tashkilotni rivojlantirish va uning mintaqadagi rolini mustahkamlash, ShHT doirasidagi hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanish orqali xalqlar o`rtasidagi o`zaro ishonch va do`stlikni mustahkamlash va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirishga qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari parlamentlararo, mintaqaviy va millatlararo munosabatlar, yoshlar tashkilotlari faoliyati, madaniy diplomatiya, ta`lim va boshqa turli sohalardagi sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalarini muhokama qildilar.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo`mitasi raisi Ravshan Alimov o`z nutqida, zamonaviy dunyo voqe`ligi xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish va integrasiya jarayonlarini qayta yaratish zarurligini va ShHT mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlarining muhim o`rni va ahamiyatinining yuqori ekanligini ta`kidladi.

O`zbekiston Respublikasining ShHT masalalari bo`yicha Milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetov O`zbekistonning ShHT doirasida ko`zlagan asosiy maqsadi bu barcha a`zo davlatlar hayotiy manfaatlariga javob beradigan istiqbolli yo`nalishlarda amaliy hamkorlikni oshirishdan iborat ekanligini aytib o`tdi.

O`zbekistondagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi direktori Q.Sobirov tuzilma faoliyatining gumanitar yo`nalishi turli xalqlar, madaniy an`analar va diniy e`tiqod egalarini bir platformada birlashtirish, shuningdek, ta`lim, madaniyat va boshqa sohalarda samarali hamkorlik qilishga imkon beruvchi noyob vosita ekanligiga alohida e`tibor qaratdi.

Davra suhbati davomida xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash masalalari, ShHT davlatlari o`rtasida xalq diplomatiyasi mexanizmlarini faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, davra suhbati ishtirokchilari tomonidan madaniy-gumanitar aloqalar sohasida almashuv va hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Ochiq muloqot va o`zaro fikr almashish shaklida o`tgan tadbir yakunlari bo`yicha ishtirokchilar ShHT doirasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va transport – logistika sohalarida qabul qilingan dolzarb loyihalarni amalga oshirishning muhim omili sifatida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash naqadar muhim ekanligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

2022 yilda O`zbekistonda ShHT davlat rahbarlari sammiti bo`lib o`tadi. Samarqand shahri muzokaralar platformasiga aylanadi. Ushbu muhim tadbirga tayyorgarlik ishlari jadal sur`atlarda olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar