Fuqarolarning tegishli rasmiy hujjatlari chet elda tan olinishi uchun fuqarolar hujjatlarni legallashtirish yoki apostillash tartibotidan o`tishlari lozim.
Apostil – rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini va rasmiy hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qo`yiladigan maxsus shtamp. Apostil FHDYo organlaridan chiqadigan hujjatlar, notarial, ta`lim, sud, tergov va boshqa ko`plab sohalardagi rasmiy hujjatlarga qo`yilishi mumkin.
Bugungi kunda rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish tizimi bilan bog`liq amaldagi holat va mavjud muammolar quyidagilardan iborat:
1. Apostil qo`yish bo`yicha davlat xizmati Tashqi ishlar vazirligi, hududiy adliya boshqarmalari, Oliy sud, Bosh prokuratura va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan an`anaviy tarzda (qog`oz shaklda) ko`rsatib kelinmoqda;
2. Amaldagi qonunchilikka ko`ra, fuqaro davlat xizmatini olish uchun Toshkentga, adliya organlaridan chiqadigan hujjatlar uchun esa – viloyat markazlariga bir necha marta qatnashiga to`g`ri kelmoqda;
3. Hozirda, butun respublika bo`yicha apostil qo`yilgan hujjatlarning yagona reestrini (elektron ma`lumotlar bazasini) yuritish imkoniyati mavjud emas. Har bir tashkilot o`ziga kelib tushgan rasmiy hujjatlarga qo`yilgan apostillar reestrini (jurnalini) yuritib kelmoqda;
4. Apostil qo`yish bo`yicha ariza 5 ish kunidan 20 ish kunigacha bo`lgan muddatlarda ko`rib chiqilmoqda;
5. Qo`yilgan apostillarning haqiqiyligini Internet orqali onlayn tekshirish imkoniyati yaratilmagan bo`lib, faqatgina vakolatli organga murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.
Elektron apostil tizimiga xalqaro miqyosda qaraydigan bo`lsak, ushbu tizimni joriy etish bo`yicha ishlar 2006 yildan boshlab olib borilayotganligini qayd etish lozim.
Apostil bilan xorijiy rasmiy hujjatlarni legallashtirish talabini bekor qiluvchi Konvensiyaning (Gaaga, 1961 yil 5 oktyabr) a`zosi bo`lgan davlatlarning barchasi elektron apostil qo`yilgan rasmiy hujjatni tan olishga majburdir.
Shuningdek, agar hujjat taqdim etgan davlatda amaldagi qonunlar, qoidalar yoki urf-odatlar yoki ikki va undan ko`p davlatlar o`rtasida kelishuvlar orqali yuqorida aytib o`tilgan harakat bekor qilinsa yoki soddalashtirilsa, shuningdek hujjatn legallashtirishdan ozod etsa, ushbu harakat amalga oshirilishini talab etish mumkin emas.
Xalqaro hususiy huquqning Gaaga Konferensiyasi 2009 yilda o`tkazgan anjumanda Maxsus komissiya tomonidan zamonaviy texnologiyalar hozirgi jamiyatning ajralmas qismi bo`lganligi, zamonaviy texnologiyalarning ishlatilashi Konvensiyaning normalari ijro etilishida amaliy ahamiyatga egaligi va Konvensiyaning normalarida belgilangan qoidalar zamonaviy texnologiyalarni ishlatilishida to`siq bo`la olmasligi tan olindi.
Dunyo bo`ylab chiqarilgan elektron hujjatlar sonining tez oshishini hisobga olganda, elektron apostil tizimining rivojlanishi dolzarb mavzuga aylandi. Sababi, Xalqaro hususiy huquqning Gaaga Konferensiyasi tomonidan belgilangan qoidalarga ko`ra, vakolatli organlar elektron apostil tizimini joriy etmasdan, elektron hujjatlarga an`anaviy tarzda apostil qo`yilishi man etiladi.
Rasmiy hujjatlarga elektron tarzda “Apostille” maxsus shtampini qo`yish tartibi AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Belgiya, Koreya, Gruziya, Tojikiston, Qozog`iston, Ozarbayjon, Rossiya Federasiyasi kabi mamlakatlarda joriy etilgan.
Gaaga Konferensiyasi tomonidan Elektron apostil modeli asosida bo`lgan ba`zi texnik jihatlari to`g`risidagi Memorandum imzolangan (2017 yil
18 apreldagi 18-son hujjati).
Konvensiyaning a`zosi bo`lgan davlatlarning barchasida elektron apostil tizimi mazkur Memorandumda belgilangan qoidalar asosida joriy etilishi lozim.
Jami 140 mamlakat a`zo bo`lgan Gaaga Konvensiyasiga asosan bugungi kunda 41 davlatda E-register tizimi orqali Apostil qo`yilgan hujjatlarni tekshirish, 19 davlatda E-App dasturi orqali Apostilni elektron ko`rinishda qo`yish imkoniyati yaratilgan.
MDH davlatlariga yuzlanadigan bo`lsa, Tojikiston Respublikasida elektron apostil tizimi 2016 yilda joriy etilgan. Rossiya Federasiyasida
E-register tizimi 2014 yildan boshlab muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.
Loyihaga muvofiq ishlab chiqilishi ko`zda tutilgan dasturiy ta`minot o`z ichiga quyidagi komponentlarni jamlashi rejalashtirilgan:
- Hujjatlarning Repozitoriysi;
- Imzo, muhr va shtamplar bazasi;
- Elektron raqamli imzo xizmati;
- Ichki/Tashqi kiruvchi xatlarning reestri;
- Tasdiqlash kodini generasiya qilish xizmati;
- E-Register komponenti;
- E-Apostille komponenti.
Mazkur tartibni xalqaro tajribadan kelib chiqib muvofiqlashtirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi tomonidan rasmiy hujjatlarga apostil qo`yish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu qaror loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
1) O`zbekiston Respublikasi hududida tuzilgan rasmiy hujjatlarga vakolatli organlar tomonidan an`anaviy tarzda apostil qo`yish tartibini saqlab qolgan holda elektron tarzda “Apostille” maxsus shtampini qo`yish tartibi joriy etilmoqda.
Bunda quyidagilar belgilanmoqda:
ushbu davlat xizmati davlat xizmatlari markazi va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko`rsatilishi;
rasmiy hujjatdagi mansabdor shaxs imzosi va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izining haqiqiyligi “E-App” dasturi orqali avtomatik tarzda tekshirilishi;
hujjatdagi ma`lumotlar haqiqiyligi tekshirilganidan so`ng arizachiga apostil qo`yilgan rasmiy hujjat elektron tarzda yuborilishi;
rasmiy hujjatga qo`yilgan elektron tarzdagi apostil haqidagi ma`lumotlar “E-register” dasturida jamlanishi hamda apostilning haqiqiyligi mazkur dastur orqali tekshirilishi.
2) Rasmiy hujjatlarga apostilni qo`yish bo`yicha so`rovnomani vakolatli idoralar tomonidan ko`rib chiqish muddati 5 ish kunidan 2 ish kuniga, agar mansabdor shaxsning imzo qo`yish vakolatini tasdiqlash va (yoki) muhr yoki shtamp bosma izi namunasini talab qilish zarur bo`lgan hollarda esa ushbu muddat 20 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirilmoqda.
3) Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga rasmiy hujjatlarga elektron tarzda apostil qo`yish bo`yicha davlat xizmatini ko`rsatishni texnik jihatdan qo`llab-quvvatlovchi “E-App” va “E-register” dasturlarini ishga tushirish vazifasi yuklatilmoqda.
4) “E-App” va “E-register” dasturlari samarali ishlashini ta`minlash maqsadida:
davlat tashkilotlari rasmiy hujjatlarni imzolash vakolatiga ega bo`lgan mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr va shtamplarning bosma izi namunalarini muntazam ravishda apostil qo`yish vakolatiga ega bo`lgan organlarga yuborishi;
apostil qo`yish vakolatiga ega bo`lgan organlar esa ushbu ma`lumotlarni “E-App” dasturiga kiritilishini hamda doimiy ravishda yangilab borilishini ta`minlashi belgilanmoqda.