SSV matbuot xizmati asab kasalliklariga chalingan bemorlarning parhez ovqatlanishi haqidagi shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri Nizom ERMATOVga murojaat qildi:
— Mushaklar zararlanishi bilan kechuvchi asab kasalliklari qaysilar? Bunday xastaliklar bilan og`rigan bemorlarga qanday ovqatlanish tavsiya etiladi?
— Asab tizimining mushaklar zararlanishi bilan kechuvchi kasalliklari guruhiga miopatiyalar, miasteniyalar, miastenik sindrom, miotoniyalar, paroksizmal mioplegiyalar deb ataluvchi va mushaklarda kuchayib boruvchi distrofik o`zgarishlar kuzatiladigan nasliy xarakterdagi kasalliklar kiradi. Xastalik rivojlanib borgan sari ko`ndalang — targ`il mushaklar o`rnini yog` va biriktiruvchi to`qimalar egallaydi.
Buning oqibatida mushaklar o`z og`irligini yo`qotib, atrofiya (kichrayish) rivojlanadi. Shu sababli, bemorlarga kaliy, magniy, aminokislotalar hamda oqsilga boy mahsulotlardan iborat bo`lgan taomlar buyuriladi.
Poliz mahsulotlaridan baqlajonning tarkibida juda ko`p miqdorda kaliy, magniy, natriy, fosfor elementlari va RR, S, V guruhidagi vitaminlar borligini eslatib o`tmoqchimiz. Shuning uchun mushak kasalliklari bilan og`rigan bemorlarga baqlajondan tayyorlangan taomlarni iste`mol qilishni tavsiya etish lozim.
— Bosh og`riqlari ham asab kasalliklaridan biri hisoblanadi. Bu xastalikda nimalarni ko`proq iste`mol qilgan ma`qul?
— Bosh og`riqlari tabobatda migren nomi bilan yuritiladi. Bu xastalikka chalingan bemorlar quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilishlari maqsadga muvofiq:
- dengiz balig`i;
- taom tayyorlashda jo`xori va paxta yog`laridan foydalanish;
- yong`oq, zira, bodom, zaytun yog`i.
Migren bilan kasallangan bemorlarga xurujlarning oldini olish maqsadida quyidagi taom tavsiya etiladi: bir dona xom tuxum stakanga solinib yaxshilab aralashtiriladi va ustiga qaynatilgan sut solinib yana aralashtiriladi. Aralashma tingandan so`ng ichiladi. Muolajani haftada ikki-uch marotaba takrorlash mumkin.
— Migrenning oldini olish mumkinmi?
— Quyidagilarga amal qilgan kishida bosh og`riqlari kuzatilishi ancha kamayadi:
- bosh og`rig`ini kuchaytirish ehtimoli bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlari iste`mol qilishni cheklash;
- muntazam badantarbiya bilan shug`ullanish va sog`lom hayot tarziga rioya qilish;
- ortiqcha aqliy va jismoniy zo`riqishlardan saqlanish;
- bosh og`rig`i xurujini kuchaytirishi mumkin bo`lgan tashqi ta`sirlar (radio eshitish, televizor ko`rish va boshqalar) ni kamaytirish.
Quyidagilar migren xurujini kuchaytirib, bosh og`rig`iga olib kelishi mumkin:
- feniletilamin (shokolad tarkibida);
- tartrazin (pishloq, dudlangan baliq tarkibida);
- glyutaminat (spirtli ichimliklar, qahva, shokolad tarkibida).
Ushbu mahsulotlarni iste`mol qilish migrenga moyilligi bo`lgan (ota-onasida ushbu kasallik kuzatilgan, tez-tez bosh og`rishi bezovta qiladigan) kishilarga ham taqiqlanadi.
— Nevrozlar va ulardan saqlanish haqida ham ma`lumot bersangiz.
— Nevrozlar ruhiy-asab kasalliklari guruhiga mansub bo`lib, asab zo`riqishlari bilan namoyon bo`ladi. Ular orasida ko`proq uchraydigani nevrasteniya hisoblanib, odatda, o`ta qo`zg`aluvchanlik hamda ta`sirchanlik, tez charchash va holsizlik bilan birga kechadi. Bemorlarni uyqu buzilishi, tez xafa bo`lish, yig`loqilik, yurak urib ketishi, ko`p terlash, ishtahaning pasayishi kabi holatlar bezovta qiladi. Sanab o`tilgan belgilarning uzoq davom etishi bemorni aqliy jihatdan ham tez toliqishiga olib keladi. Buning oqibatida xotira pasayishi, bosh og`rishi kabi belgilar kuchayadi.
Bunday bemorlar sog`lom turmush tarzining barcha tamoyillariga amal qilishlari muhim ahamiyatga ega. Nevroz kuzatilgan bemorlarga parhez buyurishda asab tizimini tinchlantiruvchi, uyquni yaxshilovchi, tetiklashtiruvchi, xotirani tiklovchi xususiyatga ega bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan tarkib topgan taomlar tavsiya etiladi.