1

Asab kasalligiga chalinganlarga qanday ovqatlanish tavsiya etiladi?

Salomatlik 23.08.2021, 15:12
Teglar: asab kasalligi
Asab kasalligiga chalinganlarga qanday ovqatlanish tavsiya etiladi?

Asab kasalligiga chalinganlarga qanday ovqatlanish tavsiya etiladi? Mazkur savolga  Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri Nizom ERMATOV javob berdi:

— Bosh miya qon tomirlari, yallig`lanish, periferik nerv tolalari tizimi, epilepsiya va boshqa qator asab tizimi kasalliklari aholi orasida keng tarqalgan va ularning aksariyati surunkali kechadi. Shu sababli, ularni davolashda muntazam davo choralari bilan bir qatorda parhez ovqatlanish etakchi o`rinlardan birini egallaydi va uning asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

  • Iste`mol qilinayotgan oziq-ovqatlar tarkibida yog`lar, uglevodlar, osh tuzi va asab tizimiga qo`zg`atuvchi ta`sir etuvchi mahsulotlar (spirtli ichimliklar, qahva, o`tkir va achchiq taomlar) miqdorini kamaytirish orqali asab tizimining zo`riqishini oldini olish;
  • taomnomani, birinchi navbatda, asab tizimiga ijobiy ta`sir ko`rsatuvchi fosforga boy mahsulotlar (sut va undan tayyorlangan oziq-ovqatlar, dukkakli o`simliklar va boshqalar) bilan boyitish;
  • vitaminlar, ayniqsa, uning V guruhiga boy bo`lgan mahsulotlar iste`molini ko`paytirish.

Asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar kun davomida oz-oz miqdorda tez-tez ovqatlanishlari tavsiya etiladi. Bunda iste`mol qilinadigan oziq-ovqatlarning kunlik kaloriyasi 2300 — 2400 kkal.ni tashkil etib, tarkibi quyidagicha bo`lishi lozim: 80 — 90 gramm oqsil, 350 gramm uglevod, 70 gramm yog` (shundan 30 foiz o`simlik yog`i) bo`lishi kerak. Ko`rsatilgan miqdordagi oqsillarni iste`mol qilish muhim ahamiyatga ega. Aks holda, ularning etishmovchiligi shartli reflektor faoliyatini kamaytirib, bosh miya po`stlog`idagi qo`zg`aluvchanlikning oshishiga olib keladi.

Shuningdek shifokor asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga nimalar iste`moli taqiqlanishi haqida ham gapirib o`tdi.

— Asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga quyida qayd etilgan oziq-ovqatlarni iste`mol qilish taqiqlanadi:

  • xamirdan tayyorlangan mahsulotlar va yangi pishirilgan non;
  • konservalar, yog`li go`sht va kolbasalar, yarimtayyor mahsulotlar;
  • qovurilgan tuxum;
  • sabzavotlardan — bodring, sholg`om, rediska, piyoz, sarimsoq;
  • shokolad;
  • o`tkir souslar, qalampir;
  • ichimliklar — spirtli ichimliklar, qahva, achchiq damlangan choy;
  • baliq mahsulotlari;
  • hayvon yog`lari.

 

Shu bilan birga, Nizom ERMATOV bunday bemorlarga nimalar iste`mol tavsiya etilishini ham aytib o`tdi.

— Asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga quyidagilar iste`moli tavsiya etiladi:

  • Nonning parhez navi;
  • yog`siz go`sht va baliq mahsulotlari;
  • sut mahsulotlari;
  • tuxum (faqat chala pishirilgan xolda);
  • turli yormalardan tayyorlangan bo`tqalar va sho`rvalar;
  • sabzavotlar — lavlagi, sabzi, qovoq, kartoshka, qovoqcha;
  • yangi uzilgan va quruq mevalar, konfetlar (shokoladli va asalli turlari bundan mustasno);
  •  pomidor va boshqa sabzavotlardan tayyorlangan souslar;
  •  o`tli choylar, meva va sabzavot sharbatlari, damlamalar (na`matak, turshak kabi
  •  qaymoq, o`simlik yog`i.

Asab tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga mo`ljallangan va oddiy sho`rva, sabzavotli salatlardan tuzilgan hamda yog`siz go`sht va baliq mahsulotlaridan tayyorlangan — teftel, parda pishirilgan kartoshka hamda boshqa mahsulotlardan tashkil topgan kundalik parhez taomnoma koni foydadir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1