Tahririyatimizga fuqarolar tomonidan eng ko`p murojaat tushadigan mavzular bu – kommunal soha va unda aholi huquqlarining buzilayotganligi, mahalliy rahbarlarning ishidan qoniqmaslik. Masalan, yo`l muammosi. Bugun ham an`anaga sodiq qolgan holda aholining haqli e`tiroziga sabab bo`lgan, yillar davomida “keyingi yilgi dasturga kiritilib” kelayotgan yo`llar masalasiga e`tibor qaratmoqchimiz...
“BIZ QAChONGAChA YoZDA ChANG, QIShDA LOY KEChIB YuRAMIZ?”
“Bizning mahallamizdagi yo`llar abgor ahvolda. Bu masalada necha yillardan buyon mas`ullarga murojaat qilib kelyapmiz. Lekin hech qanday natija yo`q. Bolalarimizni ertalab toza-ozoda, chiroyli kiyimlarda maktabga jo`natsak, tushdan keyin chang-to`zon bo`lib, bir ahvolda uyga kirib kelishadi. Xuddi shu masala yuzasidan bir necha marta tuman hokimining sayyor qabullarida bo`ldik. Muammoni aytdik. Hatto hokimimiz “Sizlar shu yashashingizga ham shukur qiling!” deb javob berdi. Biz endi bu odamning qo`l ostidagi mas`ullaridan nimani kutaylik? Rivojlanayotgan davlatning fuqarolarimiz axir, biz qachongacha yozda chang, qishda loy kechib yuramiz?
Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumani “Cho`kirli” mahallasi fuqarolari
Ushbu murojaat tahririyatga etib kelgan kunning o`zidayoq Surxondaryo viloyati hokimiyati bilan bog`lanishga harakat qildik. Viloyat hokimligi axborot xizmati ko`magi bilan tuman mas`ullarini topishga urindik. Qumqo`rg`on tuman hokimiyatining axborot xizmati bilan bog`langanimizda ular ushbu holatdan yaxshigina xabardorligi ma`lum bo`ldi va bizga quyidagicha izoh berishdi:
“2022 YIL TA`MIRLASh IShLARINI YaKUNLASh BELGILANGAN”
Sanjar HIMMATOV,
Qumqo`rg`on tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi:
— Qumqo`rg`on tuman yo`llardan foydalanish unitar korxonasi Qumqo`rg`on tuman hududidan o`tuvchi 4P-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo`li 70–89 km. qismi Qumqo`rg`on tuman hududiga tegishli bo`lib, 2019 yil O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Prezident protokoli asosida 2019–2022-yillar davomida joriy ta`mirlash uchun dastur tuzilgan. 2022 yilning 4-choragida to`liq ta`mirlash ishlarini yakunlash belgilangan. Hozirda 5 km. yo`l talab darajasida asfalt qilingan, qolgan 1.4 km yo`l ham tosh to`shalib asfaltlanishga tayyor qilingan.
Taqdim etilgan ma`lumotlar biroz taskin beriishi mumkin, ammo vaziyatga dalxdor munosabatlardan ko`nglimizni biroz xira ham tortdi. Ya`ni, tuman hokimligining bizga izoh bergan vakillari murojaat yo`llagan hudud fuqarolarini “yozuvchi”ga chiqardi. Zo`o`o`rg`a berilgan izohning esa imloviy xatolarga to`laliginiku aytmay qo`ya qolaylik. Shu o`rinda o`z hududi muammosi haqida qayg`urgan fuqarolarni yozuvchiga chiqarishga urinayotgan ayrim mas`ullarga eslatma: birinchidan, OAVga murojaat qilgan aholining qo`lida xuddi yuqoridagi murojaatchilarimiz kabi aniq fakt va dalillar bo`lsa, bu ularning “yozuvchi” ekanligidan dalolat emas. Balki o`zi yashayotgan hududning mansabdorlari faoliyatidan ko`ngli to`lmayotganini anglatadi. Shunday ekan, kamchilikni bayon etgan odamni qoralab, masalani xaspo`shlashga urinish emas, balki quloq tutib uni hal etishga kirishish mardning ishidir.
AYTGANIDAN QAYTGANLAR HAM BOR, ChUNKI...
Tahririyatimizga xuddi shu mazmundagi, ya`ni nosoz yo`llar masalasidagi murojaat Namangan viloyati Davlatobod tumani Quyi Rovuston, Yosh qahramon ko`chasi aholi vakilidan ham kelib tushgan edi. Biz avval amaldagi tartiblarga ko`ra, mazkur masala bo`yicha viloyat hokimligi axborot xizmatidan mas`ullardan izoh olishimizda yordam berishini so`radik. Ammo Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbarining jonkuyarlik bilan yondashuvidan (negaki, biz murojaat yuzasidan aloqaga chiqqan kunda ushbu lavozim egasi xastalanib shifoxonada yotganligiga qaramay, tuman mas`ullarini topish imkonini yaratib bergandi) farqli o`laroq Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati mas`uli mazkur masalada biror javob bermadi. Oradan ma`lum vaqt o`tib, viloyatdagi muxbirimiz Umida Qo`shoqovani mazkur masalani o`rganishga urindi, ammo o`zlari tahririyatga videomurojaat yo`llaganlar buni istashmadi. Xo`sh, nega? Chunki hokimlik vakillari ushbu murojaat yuzasidan fuqarolar bilan bog`lanib, ta`mirga muhtoj yo`l 2022 yilda dasturga kiritilgani holda to`liq ta`mirdan chiqarilishini ma`lum qilishibdi. Agar holat rostdan ham ular aytganchalik oson echim topgan hamda aholi o`zlari xohlab murojaatlarini qaytarib olishgan bo`lsa, biz bundan faqatgina mamnun bo`lamiz. Agar... Bu yog`iga endi 2022 yilda aniqlik kiritamiz.
AYTGANChA...
Biz ushbu maqolani tayyorlayotgan vaqtimizda Adliya vazirligi ushbu masalaga daxldor muhim bir ma`lumotni e`lon qildi. Ya`ni avtomobil yo`llari sohasida moliyaviy ochiqlik va jamoatchilik oldida hisobdorlikni ta`minlashga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan. Ushbu loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyihaga ko`ra, yo`l qurilishiga sarflanadigan har bir so`m jamoatchilik nazoratida bo`ladi. Ya`ni qaror talablariga ko`ra, hamma uchun ochiq bo`lgan “SHAFFOF YO’L” onlayn axborot platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
Platformada:
- avtomobil yo`llari qurilishi bo`yicha barcha davlat dasturlari va mahalliy dasturlar bir joyda jamlanadi;
- qurilishi va ta`mirlanishi rejalashtirilgan yo`llarning barchasi onlayn-xaritada yaqqol ko`rinib turadi, ya`ni ta`mirlanayotgan yo`llar qandaydir “4K66” kabi tushunarsiz raqamlar bilan emas, balki shahar va ko`cha nomigacha ushbu platformadan va mobil telefondan ko`rib turish mumkin bo`ladi;
- shu xaritaning o`zida qurilishi yoki ta`mirlashni amalga oshirayotgan tashkilot, sarflanayotgan mablag`, bajarilgan ishlarning ahvolini bevosita kuzatib borish imkoni paydo bo`ladi;
- yo`l jamg`armalarining barcha tushumlari real vaqt rejimida Platformada “onlayn-hisoblagich”da ko`rinib turadi, ya`ni masalan avtomobilingizni ro`yxatdan o`tkazganda yo`l jamg`armasiga to`langan mablag` qaerga ketganligini shu zahoti bilib olsa bo`ladi;
- aholiga yo`llar nosozligi, harakatlanish uchun paydo bo`lgan muammolar haqida foto- va videomurojaatlar qoldirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur qaror loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin:
Muhokama 26 avgustga qadar davom etadi.
Adliya vazirligi jamoatchilikni mazkur hujjat loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirmoqda!
XULOSA O`RNIDA
Albatta, tekis va ravon yo`llar masalasining muhim bir echimi bor: davlat byudjetidan mazkur yo`nalishga ajratilayotgan milliardlab pullar to`g`ri va o`z o`rnida sarflansa bas. Ehtimol yangi taklif etilayotgan loyiha ham ushbu sohada yanada mukammal jamoatchilik nazoratiga sabab bo`lar. Shuningdek, davlat byudjetidan bu tarmoqqa yo`naltirilayotgan pullarning “taqdirini” barchamiz kuzatib turishimiz uchun qulay imkoniyatdir. Mas`ullarga aytadiganimiz esa bitta: xiyonat javobsiz qolmas!
Mohinur RUSTAMOVA






