1

Padarkush yigitga hukm o`qildi

Jinoyat 23.08.2021, 17:58
Teglar: padarkush
Padarkush yigitga hukm o`qildi

Jinoyatga hech kim o`z-o`zidan qo`l urmaydi. Kishining bu yo`lga qadam qo`yishiga turli omillar sabab bo`lishi mumkin. Oilaviy nizolar aynan o`sha omillar­dan biridir. Achinarlisi, qotilliklarning asosiy qismiga qarindoshlar o`rtasidagi nizolar sabab bo`lmoqda. Nahotki, qon-qarindosh, ota-bola bir-biriga shunchalar shafqatsiz munosabatda bo`lishi mumkin? Quyidagi voqea qahramoni ham o`z otasining qotiliga aylanib, padarkush degan nomni oldi. Farzandning otasiga ravo ko`r­gan bu qismatini qanday oqlash mumkin? Uni bu vahshiylikka kim yoki nima majbur qildi? 

                                     Ota-bola o`zaro tortishib qoldi

Sudlanuvchi Suhrob Inomov (ism-shariflar o`zgartirilgan) o`zi yashab kelayotan xonadonda otasi Karim Inomov bilan spirtli ichimlik iste`mol qilishadi, o`zaro kelishmovchilik oqibatida tortishib qolib, janjal chiqadi. Suhrob Inomov qasddan otasining badaniga og`ir shikast etkazish maqsadida, uning ko`krak qafasiga, qo`l, oyoqlariga bir necha marotaba zarb bilan urib, jarohatlar etkazadi va otasining o`limiga sababchi bo`ladi. U otasining jasadini uyida qoldirib, hodisa joyidan yashirinadi. Sud-tibbiy ekspertizaning bergan xulosasida Karim Inomovning o`limiga ko`krak qafasi, ikkala qo`l va oyoqdagi jarohatlar, o`ng va chap tirsak bo`g`imi hamda qovurg`alar sinishi, travmatik shok sabab bo`lganligi ko`rsatilgan.

                                       “Eshikni qulflagancha, uydan chiqib ketdim”

Sudlanuvchi Suhrob Inomov sudda, aybiga to`liq iqrorlik bildirib, quyidagicha ko`rsatma berdi:

— Voqea sodir bo`lgan kuni ishdan qaytishda, otam bilan savdo do`konlaridan biriga kirib, kechqurun ovqatlanish uchun turli mahsulotlar va aroq sotib olib, uyga ketdik. Ovqatlanib, ikki shisha aroq ichdik. Arzimagan gapdan ikkalamizning o`rtamizda janjal ko`tarilib, urishib ketdik. Otamning yuziga urgan zarbamdan so`ng u qonga belanib, hushini yo`qotdi. Men otamni o`lib qoldi, deb o`ylab qo`rqib ketdim. Keyin uning yuzini erda yotgan ko`rpacha bilan yopdim. Eshikni qulflagancha, uydan chiqib ketdim. Shu bilan orqamga qaytmadim. Oradan ikki oy vaqt o`tib, bir kuni ko`chada o`z ishim bilan ketayotganimda oldimga bir necha fuqarolik kiyimidagi kishilar kelib, o`zlarini tanishtirishdi. Ular otamning vafot etganligi bo`yicha qidiruvdaligimni aytishib, IIBga olib ketishdi. Hozir qilmishimdan juda pushaymonligimni inobatga olib, engillik berishingizni so`rayman.

                                        “Erimning jasadi balkonda yotardi”

Sud majlisida so`ralgan Nina Ivanova quyidagilarni ma`lum qildi:

— Marhum Karim Inomov bilan 2002 yildan boshlab, ya`ni uning xotini vafot etganidan keyin birga yashab keldik. Uning ikki nafar o`g`li bor. Karim aka o`g`li Suhrob bilan birga yashardi. U menga o`g`li tez-tez kaltaklab turishini aytgandi. O`sha qotillik sodir bo`lgan kuni menga qo`shnilar Suhrob otasini urayotganligini aytishdi. Xabar olish uchun kelib, pastdan turgancha Suhrobni chaqirdim. U balkondan qarab, “otam uyda yo`q” dedi. Shundan keyin men Karim akaning katta o`g`li Salim bilan uni qidirishga tushdim. Ammo uni topa olmadik. Shundan keyin xavotirlanib, IIBga qo`ng`iroq qildim. Uchastka noziri Suhrobning uyiga borib, uni topa olmadi. O`zim ham uning uyiga borib, eshigini taqillatdim, ammo eshik qulf edi. Battar xavotirim oshib, 102 ga, keyin Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qo`ng`iroq qildim. Ular eshikni buzib ichkariga kirishganda uyning balkonida turmush o`rtog`imning jasadi yotganligiga guvoh bo`ldik.

                                           Hukm o`qildi

Suhrob InomovJinoyat Kodeksining 104-moddasi 3-qismining “d” bandi bilan aybli, deb topildi va unga shu modda bilan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o`tattirilishi belgilandi.

                                                 Otabek Muxammadiev, jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi,
                                                     Lola Shoimova jurnalist.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1