Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi 31-maktab chet tili o`qituvchilari hojatxonani tozalash va qayta ta`mirlash ishlariga majburan jalb qilinganligi to`g`risida video tarqaldi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ma`lum qilishicha, ushbu xabar Qashqadaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o`rganib chiqildi. O`rganish natijasida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri 31-son maktab direktori o`qituvchilarni maktab hovlisi va atrofini tozalash ishlariga majburiy tarzda jalb etilganligi aniqlandi.
Mazkur holat bo`yicha, Qarshi shahri 31-son maktab direktoriga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 (ellik) barobari miqdorida ma`muriy jarima qo`llanildi.






