SSV matbuot xizmati asab kasalliklariga chalingan bemorlarning parhez ovqatlanishi haqidagi shu kabi savollarga javob olish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri Nizom ERMATOVga murojaat qildi:
— Qaysi kasalliklar asab tizimining qon tomir xastaliklari hisoblanadi?
— Asab tizimining qon tomir kasalliklari yurak-qon tomir xastaliklaridan keyin tarqalishi, nogironlikka olib kelishi va noxush hodisalar bilan tugashi bo`yicha etakchi o`rinlardan birini egallaydi. Ularga vegeto-tomir distoniyasi, dissirkulyator ensefalopatiya, tranzitor ishemik ataka, o`tkir gipertonik ensefalopatiya, ishemik va gemorragik insult kabi kasalliklar kiradi.
Dissirkulyator ensefalopatiya — qon aylanishining surunkali etishmovchiligi natijasida rivojlanuvchi bosh miya qon tomirlari kasalligi hisoblanadi.
Insult — qon aylanishining o`tkir buzilishi natijasida kelib chiquvchi bosh miya qon tomir xastaligi bo`lib, amaliyotda ishemik (tomirlar o`tkazuvchanligi buzilishi oqibatida miyaning chegaralangan to`qimasida qon kelishining buzilishi) va gemorragik (tomirlar yorilishi oqibatida miyaga qon quyilishi) turlari farqlanadi. Ishemik insult uning gemorragik turiga nisbatan 2-3 barobar ko`proq uchraydi.
Ularning har ikkalasida ham inson mehnat qobiliyatining yo`qolishi hamda nogironlik yuzaga kelishi ehtimoli yuqori va kelib chiqishining asosiy sababi — bosh miya qon tomirlarining aterosklerozi hisoblanadi.
— Ateroskleroz asosan qanday sabablarga ko`ra rivojlanadi?
— Ateroskleroz rivojlanishining asosiy sababi, yog`simon moddalarning (xolesterin) tomirlar ichiga o`tirib qolishi hisoblanadi. Jarayon ko`p hollarda ovqatlanish tartibi va me`yorining buzilishi oqibatida yuzaga keladi. Shunday ekan, bosh miya qon tomirlari kasalliklarining oldini olish va davolash uchun tavsiya etiladigan parhez taomlar qondagi xolesterin miqdorini kamaytirishga qaratilgan bo`lishi kerak.
Buning uchun, avvalo, tarkibida xolesterin saqlovchi tuxum, hayvon mahsulotlari, dudlangan narsalar, qahva, kakao, shokolad, qora choy kabi mahsulotlarni rasiondan chiqarish lozim. Aksincha, unga S va V2 vitaminlari hamda yodga boy bo`lgan oziq-ovqatlarni (karam, no`xat, anjir, uzum, tarvuz, o`simlik yog`idan tayyorlangan taomlar) kiritish kerak.
Bu moddalar qon tomirlar devorida xolesterin qatlami hosil bo`lishining oldini oladi.
— Tutqanoq ham asab tizimi kasalliklaridan hisoblanadi. Unga qarshi kurashishda qanday ovqatlanish tavsiya etiladi?
— Epilepsiya (tutqanoq) — bu turli xil sabablarga ko`ra yuzaga keladigan, tez-tez takrorlanib turuvchi xurujlar bilan namoyon bo`ladigan surunkali kasallik.
Afsuski, bemorlarning bir qismida muntazam dorilar bilan davolanishlariga qaramasdan tutqanoq xurujlari ko`payib boradi. Ularga dorilar bilan bir qatorda ketogen (yog`li) parhez tavsiya etish muhim ahamiyatga ega. Bunday yondashish muolajaning muhim yo`nalishidan biri hisoblanadi. Uning asosiy mohiyati ko`p miqdorda yog`larga boy mahsulotlarni iste`mol qilib, uglevodlarni cheklashdan iborat.
Ketogen parhezning dastlabki uch kuni davomida barcha taomlar cheklanib, faqat istalgan miqdorda suv ichiladi. Ammo ma`danli va gazlangan suvlar, meva sharbatlari ichish taqiqlanadi.
Bu davrda bemorning harakat-faoliyati kamaytiriladi, ba`zan esa to`la yotoq tartibi buyuriladi.
Keyingi uch kunda odatdagi ovqatlar kunlik miqdorining to`rtdan bir qismi iste`mol qilinadi. Ular taxminan 1 gramm oqsil va uglevodga 4 gramm yog` nisbatida bo`lishi kerak.