Bugun, 25 avgust kuni Senat Raisi birinchi o`rinbosari S. Safoev Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi M. Sederfeldning Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari doimiy delegasiyalari rahbarlari bilan bo`lib o`tgan onlayn uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Tadbirda Parlament assambleyasi raisining o`rinbosari, Assambleyaning Markaziy Osiyo va Mo`g`uliston bo`yicha maxsus vakili P. Kauma, Parlament assambleyasi bosh kotibi R. Montella, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi missiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda EXHTning Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta`minlashdagi roli, shu jumaladan Afg`onistondagi vaziyat, ushbu mamlakatdagi vaziyat bilan bog`liq masalalar batafsil muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda tuzilmalarning ishtirok etishi mexanizmlari, tizimli parlamentlararo muloqot yuritish hamda “tahdidlarning qo`shni davlatlarga tarqalib ketishiga” yo`l qo`ymaslik bo`yicha tezkor choralar ko`rish yuzasidan fikr almashdilar.

O`z navbatida, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi raisi M. Sederfeld O`zbekistonning Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi konstruktiv va izchil pozisiyasini yuqori baholadi. U Toshkentning ushbu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligini ta`minlash borasida parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan maksimal darajada foydalanish tashabbuslarini ma`qulladi. U O`zbekiston bilan yaqin hamkorlikka tayyorligini ta`kidlab o`tdi.
Tadbir natijasida tomonlar xavfsizlik sohasida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, chegara nazoratini mustahkamlash dasturlarini amalga oshirishga kelishib oldilar.






