Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori tomonidan to`xtatilgan bir ayol kishi IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmagan, o`zini vazir o`rinbosarining ikkinchi xotini ekanligini aytib janjal ko`targan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o`tkazilgan tekshiruv jarayonida quyidagilar aniqlandi.
30 iyul kuni o`tkazilgan maxsus reyd tadbirida «Neksiya-3» rusumli davlat raqami 01 X 743 DB bo`lgan avtoulov to`xtash ishorasiga bo`ysunmagan. So`ngra KXAY va Farhod ko`chalari kesishmasida to`xtatilgan.
Haydovchi 1996 yilda tug`ilgan E.Madina avtotransport vositasini texnik qayd etish guvohnomasidan tashqari boshqa hujjatlarni taqdim eta olmagan. Javobgarlikdan qochib qutulish maqsadida E.Madina va uning ukasi 1999 yilda tug`ilgan E.Umidlar IIO xodimlarining faoliyatiga to`sqinlik qilib, janjal ko`targan.
Ularga MJtKning tegishli moddalariga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan, sud tomonidan tegishli jazo choralari qo`llangan.
O`tkazilgan tekshiruv jarayonida E.Madinaning hech qaysi vazir o`rinbosariga aloqasi yo`qligi aniqlangan.






