Toshkent viloyati Ohangaron tumanida Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida ”gi qarori ijrosi yuzasidan seminar o`tkazildi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi Bahrom Norqobilov, Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, sektor rahbarlari, tijorat banklari vakillari, hududlardan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo`jaliklari egalari va fermerlar ishtirok etdi.
Ta`kidlanishicha, chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yo`nalishidagi xo`jaliklar faoliyati va chorvachilik mahsulotlarini etishtirishda yirik tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.
– Oxirgi besh yilda chorvachilik sub`ektlari soni 3 baravar oshdi, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi B.Norqobilov. – Birgina joriy yilning o`zida qiymati 7 trillion 122 milliard so`mlik 1 ming 828 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi kun holatiga ko`ra, 1 ming 131 ta loyiha amalga oshirilib, natijada xorijiy davlatlardan 90 ming boshdan ortiq naslli qoramol, 80 ming boshdan ortiq naslli qo`y-echkilar olib kelindi.
Hozirda chet davlatlardan keltirilgan go`sht yo`nalishidagi tez etiluvchan qoramollarning yangi zotlarini ko`paytirish choralari ko`rilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida ham bunday zotdor mollar parvarishlmoqda. Qolaversa, mayda shoxli mollarning zotini yaxshilash va mahsuldorligini oshirish maqsadida qo`ylarning “Merinos”, “Romanov”, “Edilboy” va “Dorper” zotlari hamda echkilarning “Angor” va “Zanen” zotlari chet davlatlardan keltirilib, ularni bosh sonini yanada ko`paytirish choralari ko`rilayotgani ta`kidlanmoqda.
Viloyat hududiy Chorvanasl markazi direktori Nodirbek Mahmudovning aytishicha, bugungi kunda viloyatda qoramolchilik, qo`y-echkichilik bo`yicha 617 ta xo`jaliklar mavjud. Unda 86 ming boshdan ziyod chorva boqilmoqda. Davlat tomonidan yaratilgan sharoit va imtiyozlar tufayli joriy yilda 208 ta yangi loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Buning natijasida qo`shimcha ravishda yana joylarda 25 ming bosh qoramol parvarishlanib, 45 ming tonna qo`shimcha go`sht, 41 ming tonnadan ortiq sut mahsulotlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu yil chorvachilik xo`jaliklari faoliyatini rivojlantirish uchun 7 milliard so`m subsidiya ajratildi. Bundan tashqari iyul oyidan boshlab tadbirkorlarning ishlab chiqargan mahsulotlari uchun ham mazkur imtiyozlar berilmoqda. Shuningdek, joylarda naslchilikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar boshlangan. Xususan, hozir Oqqo`rg`on tumanida aholi xonadonidagi qoramollarning 75 foizi nasli yaxshilandi.
Seminarda sohadagi yangiliklar, mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida fikr almashildi. Mazkur jarayonda viloyat hokimligi, sektor rahbarlari tomonidan amaliy ko`mak berilmoqda. Tadbirkorlarning yangi loyihalarni amalga oshirish uchun kredit mablag`larini ajratish, ozuqa-em etkazib berish uchun er maydonlarini ajratib berish borisidagi muammolar yuzsidan mutaxassislar zarur huquqiy tavsiyalar berdi.






