Avvalroq, Farg`onalik erkak hamshirani sochidan tortib sudragani haqida ma`lum qilgandik. Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati holat tafsilotlarini ma`lum qildi.
25 avgust kuni Farg`ona viloyati O`zbekiston tumani Nursuh qishlog`ida istiqomat qiluvchi 1998 yilda tug`ilgan fuqaro M.S. tuman tibbiyot birlashmasining tug`ruq bo`limiga “homiladorlik 2, tug`ruq 2, homiladorlikning 39 haftasi. Tug`ruqning birinchi davri” tashxisi bilan qabul qilinib, 26 avgust kuni soat 16:00larda tirik, jinsi o`g`il, 3200 gramm vaznli, ammo og`ir ahvoldagi chaqaloqni dunyoga keltirgan.
Tug`ruqni akusher-ginekolog Yu.A. va shifokor-neonatolog H.Nlar qabul qilgan. Dastlabki tibbiy tekshiruvlar natijasida bolada ona qornidalik davrida embrional rivojlanish va homila organlarining paydo bo`lishi buzilgan va nuqsonli rivojlangani aniqlangan. Natijada go`dak to`liq rivojlanmagan organlar bilan tug`ilgan. Qolaversa, chaqaloqda tug`ma nuqsonlar kuzatilib, bolaning o`pkasi 70 foizga rivojlanmagan.
Shu bois, chaqaloq zudlik bilan intensiv terapiya xonasiga o`tkazilib, unga zarur reanimasion yordam ko`rsatilgan. Biroq bolaning o`pkasi o`z faoliyatini bajarmaganligi sababli unda og`ir asfiksiya holati kuzatilgan.
Afsuski, tibbiyot xodimlari tomonidan olib borilgan kerakli reanimasion chora-tadbirlarga qaramasdan go`dak 2021 yilning 27 avgust kuni soat chamasi 12:20 da “O`tkir nafas va yurak etishmovchiligi” tashxisidan vafot etgan. Shundan so`ng chaqaloq murdasi va tibbiy xujjatlar patalogoanatomik tekshiruvga yuborilgan.
Shifokor-neonatolog H.N chaqaloq vafot etganligi sababli shu kuni soat chamasi 12:30larda go`dakning buvasi, fuqaro S.S.ni chaqirib, unga vaziyatni tushuntirishga harakat qilgan. Biroq S.S. muassasa tug`ruq bo`limining vrachlar xonasida tug`ruq tarixlarini yozib o`tirgan va tug`ruqni olib borgan akusher-ginekolog Yu.A.ning oldiga borib, uni sababsiz sochidan tortib, tashqariga sudrab olib chiqib, jiddiy tan jarohati etkazgan.
Eng achinarlisi, dastlabki ma`lumotlarga qaraganda, ushbu zo`ravonlik harakatini sodir etgan shaxs, ya`ni 1971 yilda tug`ilgan fuqaro S.S. o`z vaqtida ichki ishlar organlari tizimida ishlab, nafaqaga chiqqan.
Tibbiy tekshiruv davomida jabrlangan shifokor Yu.A.ga miya chayqalishi tashxisi qo`yilgan. Ayni paytda shifokor tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam markazi jarrohlik bo`limida davo muolajalarini olmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi nazoratga olgan mazkur holat yuzasidan O`zbekiston tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.