Korrupsiya – mudhish illat, ayniqsa u ta`lim tizimini o`z changaliga olsa, ikki karra falokat. Yaqin-yaqingacha kollej-u universitetlar u yoqda tursin, bog`cha-maktabga kirish ham “qistir-qistir”larsiz bitmas edi. Ayniqsa shaharda dong` taratgan “press-tij” bog`cha va maktablar faqat “kattakon”larning bolalarini “yuqori”dan qo`ng`iroq asosida qabul qilib, mahalliy aholiga joy qoldirmasligi ko`p bor isbotini ko`rsatgan.
Mazkur korrupsiogen holatlarning oldini olish, maktabgacha ta`lim tashkilotiga joylash uchun mudiraning, maktabga qabulda direktorning cho`ntagini qappaytirishga barham berish uchun shaffof tizimlar yaratildi. MTTlarga Davlat xizmatlari agentligi orqali navbat tashkil qilish yo`lga qo`yilgani ko`plab ota-onalarning ko`nglidagi ish bo`ldi.
Bu yildan umumta`lim maktablariga qabul ham elektron shaklda my.maktab.uz portali orqali amalga oshiriladigan bo`ldi. Elektron tizimga o`tilgani, albatta, yaxshi, ortiqcha ovogarchiliklar-u harajatlarga hojat qoldirmaydi. Ammo, ayrim jamoatchilik vakillarining ta`kidlashlaricha, ushbu tizimga ishonib farzandini bu yil maktabga joylolmay qolgan, sentyabr oyi – yangi o`quv yili boshlanganiga qaramay, hamon farzandining hujjatlari qo`lida turgan ota-onalar bor.
O`rnatilgan tartibga ko`ra, ota-onalardan sayt orqali ma`lumotlarni to`ldirish va jarayonni kuzatib borish talab etilgan. Bu bosqichni bajarganlar yoz bo`yi har kuni ko`zi to`rt bo`lib saytdagi shaxsiy sahifasini kuzatgan va “ko`rib chiqilmoqda” yozuvini o`qib kelgan. Kimlardir navbati kelgani haqida xabar topib, bolasini maktabga joylashga muvaffaq bo`ldi. Ammo ota-onalarning bir qismi avgust oyining oxirgi kunlarida saytdagi “qaytarildi” degan hukmni o`qib boshlarini changallab qolishdi. Xo`sh, endi nima bo`ladi? Maktab yoshiga etgan bolalar maktabga chiqolmay qolib ketaveradimi? Xo`p, qamrov yuqoriligi bois o`zi tanlagan maktabida bo`sh joy qolmagandir, bu haqida avvalroq xabar berish, ota-onalar uchun boshqa maktab uchun harakat qilish imkonini qoldirish mumkinmidi?
Avvalgi tizim korrupsiya xavfi ostida deb, boshqa tizim yaratilgani maqsadga muvofiq, biroq bolalarda nima ayb? “O`quvchi bo`laman, Prezidentdan sovg`a olaman”, deya entikib turgan murg`ak qalblar 6-sentyabr kuni uyda mung`ayib qolsalar, bizga korrupsiyadan holi tizimga tasanno o`qib o`tirish yarasharmikin?
Bolalarni maktabgacha ta`lim muassasalariga imkon qadar ko`p qamrab olish haqida ko`p gapirildi, takliflar berildi, ammo hozirgi vaziyatda MTTdan ham muhimroq va dolzarbroq bo`lgan majburiy ta`limga jalb etish ham o`z oqsoqligini berkitolmayapti. Vaqtida maktabga chiqib, kerakli ta`limni olmagan, bu borada bir yil yutqazgan, ustiga ustak hamma narsasini taxt qilib qo`ygan holda maktabga borish orzusi sarobga aylangan bolakaylardan ertaga yuqori natijani talab qilishga haqlimizmi?
Abiturientlarning test natijalari hamon e`lon qilinmagani ham hozirda og`riqli masalalar qatorida turibdi. Ammo ularning vaziyati bo`lajak o`quvchilarnikichalik chigal emas. Har holda, imtihonlar o`tdi, yaxshi natijani qayd qilganlar ertami-kechmi talaba bo`loladi. Bog`chadan chiqarilgan, maktabga qabul qilinmagan o`quvchilar esa arosatda qolib ketdi.
Xalq ta`limi vazirligi masalaga jiddiy qarab, oldindagi oz fursat ichida ana shu o`quvchilar foydasiga biror ma`nili qaror qabul qiladi, degan umiddamiz. Zotan, ibtido intihoni hal qiladi. Farzandlarimiz ta`limining ilk pillapoyalaridanoq kerakli sharoitlarni yaratib beraylik.
Bahrom ABDUHALIMOV,
“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi