Bugun, 4 sentyabr kuni Kun.uz nashri Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanida bog`cha bolalarining ommaviy zaharlanishi holati yuzasidan o`zining surishtiruv natijalarini e`lon qildi.
Mazkur holat yuzasidan IIBB Axborot xizmati qo`shimcha ma`lumot berdi.
Joriy yilning 10 avgust kuni, soat 14:00 larda Oqqo`rg`on tumani IIB navbatchilik qismiga tumandagi 5-sonli maktabgacha ta`lim muassisining tarbiyalanuvchilari "botulizm" kasalligi tashxisi bilan shifoxonaga murojaat qilganligi yuzasidan xabar kelib tushgan.
Shundan so`ng, Oqqo`rg`on tumani prokuraturasi tomonidan 11 avgust kuni mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Jinoyat ishi keyinchalik Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olinib, maxsus tuzilgan tergov guruhi tergovchilariga topshirilgan.
Holatga har tomonlama, to`liq oydinlik kiritish maqsadida O`z-standart agentligi va viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtaligi markazi xodimlari mutaxassis sifatida ishga jalb etilib, ular ishtirokida mazkur MTMda mavjud bo`lgan barcha turdagi oziq-ovqatlar (pishloq, tuxum, tomat, sut va sut mahsulotlari, konservalangan mevali murabbo va boshqalar)dan namunalar olingan.
Tergov davomida, sudga oid tibbiy, sudga oid kimyoviy va boshqa bir qator ekspertizalar tayinlangan. Shu bilan birga "X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi"ga sudga oid kompleks ekspertizalar tayinlangan.
Ekspertizalar laboratoriya sharoitida o`rganilishi va chuqur tadqiqot talab etishi sababli hozirda ekspertlar tomonidan o`rganish ishlari davom ettirilmoqda.
IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan bugungi kunga qadar, zaharlanish tashxisi qo`yilgan bolalar va ularning ota-onalari, ta`lim muassasasining barcha xodimlari, jami 100 dan ortiq shaxslar jinoyat ishi yuzasidan batafsil so`roq qilindi.
Ushbu jinoyat ishining tergovi O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan alohida nazoratga olingan.
Tergovga jalb qilinganlarning daxlsizlik huquqlarini ta`minlash va tergov ishi davomida haqiqatni aniqlashga to`sqinlik qilish holatlarini oldini olish maqsadida boshqa ma`lumotlar oshkor qilinmaydi.
Tayinlangan ekspertizalarning yakuniy xulosalari va jinoyat ishi yuzasidan to`plangan hujjatlarga asosan qonuniy qaror qabul qilinadi va ommaviy axborot vositalari orqali qo`shimcha ma`lumot beriladi.