Hukumatning 2021 yil 9 sentyabrdagi 562-son qarori bilan Umumiy o`rta ta`lim tashkilotlari, akademik lisey va kasb-hunar maktablari o`quvchilari o`rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o`tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g`oliblarni rag`batlantirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, maktab o`quvchilari o`rtasida umumta`lim fanlari bo`yicha quyidagi olimpiadalar tashkil etiladi:
- asosiy olimpiada;
- qo`shimcha respublika olimpiadalari;
- onlayn olimpiada;
- nufuzli xalqaro olimpiadalar;
- mintaqaviy xalqaro olimpiadalar.
Jumladan, asosiy olimpiadalar tegishli fanlardan ikki guruhga ajratilgan holda 4 bosqichda quyidagi muddatlarda o`tkaziladi:
- 1-bosqich – maktab, akademik lisey va kasb-hunar maktablar miqyosida sentyabr oyida;
- 2-bosqich – tuman (shahar) miqyosida oktyabr oyida;
- 3-bosqich – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida noyabr oyida;
- 4-bosqich – respublika miqyosida barcha fanlardan aprel-may oylarida.
Barcha fanlardan nazorat turlari, shakllari, baholash mezonlari Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
4-bosqichda maktablarning 11-sinf, kasb-hunar maktablari, akademik liseylarning 2-bosqich o`quvchilari qatnashadi.
Har bir fan yo`nalishida ballar ketma-ketligida 1, 2, 3-o`rinlarni egallagan o`quvchilar g`olib hisoblanadi.
Asosiy olimpiada g`oliblariga quyidagi miqdorda pul mukofotlari beriladi:
3-bosqichda g`olib bo`lgan har bir o`quvchiga:
- 1-o`rin – BHMning 6 baravari;
- 2-o`rin – BHMning 4 baravari;
- 3-o`rin – BHMning 3 baravari.
4-bosqichda g`olib bo`lgan har bir o`quvchiga:
- 1-o`rin – BHMning 12 baravari;
- 2-o`rin – BHMning 8 baravari;
- 3-o`rin – BHMning 6 baravari.
Shuningdek, 4-bosqich g`oliblariga ixtisoslik fani bo`yicha davlat OTMlariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3 yil davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar beriladi.
Informatika va axborot texnologiyalari fani bo`yicha mazkur sertifikatni olgan o`quvchilarga ixtisoslik fan sifatida matematika fanidan davlat OTMlariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqi beriladi.
Ta`lim muassasalarida o`qituvchi bo`lib ishlayotgan nufuzli xalqaro olimpiadalar g`oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g`oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama haqi to`lanadi.