Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni o`qitish bo`yicha eng yaxshi maktab” tanlovini o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Bu haqda Umumiy o`rta ta`lim tashkilotlari, akademik lisey va kasb-hunar maktablari o`quvchilari o`rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o`tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g`oliblarni rag`batlantirish tartibi to`g`risidagi nizomda aytilgan.
Nizomga ko`ra, Xorijiy tillarni o`qitish bo`yicha eng yaxshi maktab tanlovi har yili ingliz, nemis, fransuz tillari (xorijiy tillar) o`qitiladigan maktablar o`rtasida o`tkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan maktab har yili 20 sentyabrgacha Xalq ta`limi vazirligi axborot tizimida maktab terma jamoasini ro`yxatdan o`tkazadi.
Shunga ko`ra, ro`yxatdan o`tgan maktab har yili 20 oktyabrgacha axborot tizimiga xorijiy tillarni o`qitish bo`yicha belgilangan asosiy ko`rsatkichlarini kiritadi.
Tanlovda har bir maktabdan bitta til bo`yicha bitta terma jamoa ishtirok etishi mumkin. Terma jamoa 7-9-sinflarda o`qiydigan 5 nafar o`quvchidan tashkil topadi.
Tanlov 3 bosqichda quyidagi muddatlarda o`tkaziladi:
1-bosqich (tuman bosqichi) – har yili fevral oyida. Bunda ishtirokchilarning xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari vositasida sinovdan o`tkaziladi.
2-bosqich (viloyat bosqichi) – har yili aprel oyida. Ushbu bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), o`qish (reading) va leksik-grammatik ko`nikmalari baholanadi.
3-bosqich (respublika bosqichi) – har yili avgust oyida. Mazkur bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o`qish (reading) ko`nikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikasiyalangan standartlari asosida sinovdan o`tkaziladi hamda tegishli til ona tili sifatida foydalaniladigan mamlakatlar haqidagi bilimi tekshiriladi.
Respublika bosqichida 1-o`rinni ko`lga kiritgan maktab Prezident sovrini sohibi sifatida e`lon qilinadi.
Tanlov g`oliblari quyidagi miqdorlarda Prezident sovrini bilan mukofotlanadi:
Tuman (shahar) bosqichida:
- 1-o`rin – 100 million so`m;
- 2-o`rin – 75 million so`m;
- 3-o`rin – 50 million so`m.
Viloyat bosqichida:
- 1-o`rin – 250 million so`m;
- 2-o`rin – 200 million so`m;
- 3-o`rin – 150 million so`m.
Respublika bosqichida:
- 1-o`rin – 500 million so`m;
- 2-o`rin – 400 million so`m;
- 3-o`rin – 300 million so`m.