AsosiyJamiyat

Vaksinalarning samaradorligiga shubha yo`q–​Nurmat Atabekov

'Vaksinalarning samaradorligiga shubha yo`q–​Nurmat Atabekov'ning rasmi

Yaqinginada  koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq izlanish olib borayotgan, unga qarshi kurashayotgan yurtimiz mutaxassislari ishtirokida “COVID-19. Vaksinasiya: Erishilgan yutuqlar, istiqboldagi rejalar va maqsadlar” mavzusida o`tkazilgan ilmiy-amaliy xalqaro konferensiyada bo`lib o`tgan edi.

Unda alohida ma`ruza bilan ishtirok etgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`ining o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov tadbirdagi chiqishida tilga olingan fikrlarni SSV Matbuot xizmatiga so`zlab berdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 1 aprelidan boshlab aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari boshlab yuborildi.

Ayni kungacha mamlakatimizda jami 16 861 167 doza vaksinadan foydalanildi, hozirgi kunga qadar to`liq emlangan fuqarolar 3 121 019 nafarni tashkil qilmoqda.

 

Nurmat Atabekov  ta`kidlashicha, koronavirusga qarshi emlash boshlangandan beri o`tgan 5 oy davomida 285 ta holatda shifoxonaga yotqizilganlar mazkur kasallikka qarshi emlanganliklari epidemiologik surishtiruv jarayonida aniqlangan.

 

Mutaxassisning aytishicha, hozirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan grant loyihasi amalga oshirilayotgan bo`lib, unga muvofiq, SARS-COV-2 koronavirusiga chalingan va ushbu kasallikka qarshi vaksina olgan odamlar orasida immunitet darajasini o`rganish ishlari olib borilmoqda.

 

Uning so`zlariga ko`ra, mutaxassislar tomonidan bir vaqtning o`zida COVID-19ga qarshi ZF-UZ-VAC2001, AstraZeneca hamda “Sputnik V” vaksinalari bilan emlangan shaxslar tadqiq qilinmoqda.

 

Tadqiqot davrida aniqlandiki, joriy yilning 1 aprelidan avgust oyining yakuniga qadar Toshkent viloyatining Zangioata 1 va 2 sonli klinikalariga 37 890 nafar koronavirus va pnevmoniyaga chalingan va ularga gumon qilingan bemor yotqizilgan bo`lib, ushbu bemorlarning 285 tasi (0,75 foiz) bir yoki bir necha marotaba vaksina olgan.

 

Tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, vaksina qabul qilganidan keyin koronavirus bilan kasallangan bemorlarda kasallik asosan engil va o`rta og`irlikda kechgan.

 

Bu holatni quyidagi tahlillardan ham ko`rish mumkin, bemorlarning  231 nafarida (Zangiota 1 va 2 klinikalarida davolangan umumiy bemorlar soniga nisbatan 0.6 foiz) kasallik engil darajada kechgan. Kasallanganlarning juda kam qismi kasallikni o`rta va og`ir darajada o`tkazgan.

 

Bemorlarning 10 nafarida klinik belgilar kuzatilmagan va ahvoli qoniqarli bo`lsa-da, kasallik aniqlangan shaxslarning xohish-istaklari va emlashdan keyin kasallandim degan xavotirlarini inobatga olib, kuzatuv maqsadida bir necha kunga shifoxonaga yotqizilgan.

 

Olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar hali davom etayotgan bo`lsa-da,  izlanishlar natijalariga muvofiq birlamchi xulosalarni qilish mumkin:

  •  tekshirilgan bemorlarda, qabul qilingan vaksinalar turidan qat`iy nazar, antitanachalarning etarli miqdori ishlab chiqarilgan;
  • vaksinanlarning ikkinchi dozasini qabul qilish antitanachalar miqdorining sezilarli darajada o`sishiga olib kelgan;
  •  ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini qabul qilgan shaxslar guruhining natijalari boshqa turdagi vaksinalarni qabul qilgan shaxslarning natijalariga to`la mos keladi;
  • ZF-UZ-VAC2001 aholini COVID-19ga qarshi emlash uchun samarali va ishonchli vaksina hisoblanadi;
  •  COVID-19ga qarshi emlash kasallikning osoyishta kechishi va og`ir holatlar sonining keskin kamayishiga imkon yaratadi.

    Boshqa yangiliklar