Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 13–21 sentyabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida an`anaviy Madaniy meros haftaligi doirasida bir qator tadbirlar o`tkazilmoqda.
Ushbu haftalikda jurnalistlar uchun tashkil qilingan press-tur doirasida Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKO butunjahon biosfera qo`riqxonalari tarmog`iga kiritilganini ma`lum qildi.
13-17 sentyabr kunlari Abuja shahri (Nigeriya)da o`tkazilayotgan "Inson va biosfera" dasturining 33-Xalqaro muvofiqlashtirish kengashi doirasida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatini YuNESKO butunjahon biosfera qo`riqxonalari tarmog`iga kiritish to`g`risida qaror qabul qilindi. Endi O`zbekistonning ikki qo`riqxonasi mazkur Tarmoqda: birinchisi - Chotqol davlat biosfera rezervati (1978 yilda kiritilgan).
Quyi Amudaryo biosfera rezervati Qoraqalpog`iston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari hududida joylashgan. Markaziy Osiyo o`rmonlarining 20 foizi va O`zbekiston o`rmonlarining 74 foizi mana shu hududga to`g`ri keladi. Qo`riqxonaning umumiy maydoni - 69 ming gektarga yaqin. Rezervatda mavjud 419 turdagi o`simliklarning 2 turi, 36 turdagi hayvonning 1 tasi, 43 baliq turining 12 tasi va 246 qush turidan 23 turi Qizil kitobga kirgan.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining nominasion paketi O`zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati va M. Zukkov tabiatni asrash fondi ko`magida tayyorlangan.
Yangi rezervatning butunjahon biosfera qo`riqxonalari tarmog`iga qo`shilishi YuNESKO bilan o`zaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi, ya`ni "Inson va biosfera" dasturi doirasida quyidagi yo`nalishlar bo`yicha texnik qo`llab-quvvatlashga ega bo`ladi:
- ️Inson va tabiiy faoliyat natijasida yuzaga keladigan biosferadagi o`zgarishlarni va bu o`zgarishlarning odamlar va atrof-muhitga ta`sirini, xususan iqlim o`zgarishi sharoitida aniqlash va baholash;
- ️Tabiiy ekotizimlar va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o`rtasidagi dinamik o`zaro bog`liqlikni xususan, biologik va madaniy xilma-xillikning tez yo`qolishi sharoitida ekotizimlarning inson farovonligi uchun xizmat qilishini o`rganish va qiyoslash;
- Atrof-muhit o`zgarishi omili sifatida jadal urbanizasiyalashuvi va energiya iste`moli sharoitida insonning farovonligi va yashash muhitini ta`minlash;
- Ekologik muammolar va echimlar to`g`risida bilim va tajriba almashish va rag`batlantirish, barqaror rivojlanish uchun ekologik ta`limni targ`ib etish.