Qoraqalpog`istonlik Anesiya Utagenova buyrak transplantasiyasi amaliyotini 2017 yilning dekabr oyida O`zbekiston bo`yicha birinchilardan bo`lib boshdan o`tkazgan bemorlardan biridir. U 2020 yilda turmushga chiqqan. Turmush qilishidan avval ham shifokorlarning jiddiy tekshiruvlaridan o`tgan. Yaqinda Anesiya to`ng`ich farzandini dunyoga keltirdi. Bu haqda SSVga xirurg-transplantolog Zohidjon Matkarimov ma`lum qilgan.
Zohidjon Matkarimovning ta`kidlashicha, buyrak transplantasiyasini boshdan o`tkazgan bemorlarning tug`ishini rivojlangan davlatlarda ham ko`plab nefrologlar bo`yniga olmaydi. Chunki homiladorlik bemorga salbiy ta`sir qilib, homila va bo`lg`usi onaning taqdiri xavf ostida qolishi mumkin.
— Yurtimizda tibbiyotga, ayniqsa, organ transplantalogiyasini rifojlatirishga qaratilgan e`tibor va yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli shunday natijalarga erishmoqdamiz, — deydi shifokor. — Agar bemor chet elda operasiya qilinganida, keyinchalik homilador bo`lsa ham nazorat uchun xorijga ketishiga to`g`ri kelardi. Bu esa homilador ayolning yana sarson bo`lishiga sabab bo`ladi, albatta.
Anesiya Utagenova homiladorlik vaqtida ham malakali nefrolog, transplantologlarning nazoratida bo`lgan. Quvonchli tomoni shundaki, uning 3 kilogram og`irlikdagi farzandi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida tabiiy tug`ish yo`li bilan dunyoga keldi. Hozirda ona va bolaning ahvoli yaxshi. Ularga shifoxonadan ruxsat berildi.
— Hozir tibbiy nazoratimizda buyrak transplantasiyasi amaliyotini o`tkazgan 3 nafar homilador ayol bor. Ular ham farzandlarining sog`-salomat dunyoga keltirishi uchun sa`y-harakat qilmoqdamiz, — deya qo`shimcha qildi Zohidjon Matkarimov.






