AsosiyJamiyat

Qirg`iziston va O`zbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga bag`ishlangan biznes-forum o`tkazildi

'Qirg`iziston va O`zbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga bag`ishlangan biznes-forum o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston parlamenti delegasiyasi a`zolari Bishkek shahrida rasmiy tashrif bilan bo`lib turibdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi delegasiyamiz “Qirg`iziston va O`zbekiston tadbirkor ayollari muloqoti” xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi.

Qirg`iziston va O`zbekiston tadbirkor ayollarining mintaqaviy iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun ularning barqaror muloqotini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda vazirliklar, xalqaro tashkilotlar, biznes birlashmalari, fuqarolik jamiyati vakillari, tadbirkor ayollar va OAV vakillari ham ishtirok etdi.

Forumni ochar ekan, O`zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva Qirg`iziston va O`zbekiston Tadbirkor ayollarining bunday keng formatdagi va ikki mamlakat vakillari delegasiyalari ishtirokidagi muloqoti ilk bor o`tkazilayotganini, shuningdek mazkur biznes-forum xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo`yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda yangi sahifa ochib berishini ta`kidladi.

— O`zbekiston  Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotida raislik doirasida ham mintaqaviy, ham ikki tomonlama formatlarda tadbirkor ayollar o`rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta ahamiyat beradi, — dedi Tanzila Narbaeva.

Forum davomida tadbirkor ayollar uchun yangi imkoniyat va istiqbollar yaratish, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun iqtisodiyotning muhim yo`nalishlarida malakalarni mustahkamlash, mamlakat va mintaqaviy darajada tadbirkor ayollarni birlashtirish, ishtirokchi mamlakatlar tadbirkorlari tajribasini namoyish etish hamda o`tkazish va boshqa masalalarga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta`kidlandi. O`tgan besh yilning o`zida ikki tomonlama tovar aylanmasi deyarli o`n barobar o`sdi va 2020 yil yakuniga ko`ra 900 mln dollardan ortiqni tashkil etdi.

— O`zbekistonda ayollar tadbirkorligini rag`batlantirish va qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda, — dedi Tanzila Narbaeva. — 2020 yilda tadbirkor ayollar soni 172,4 mingga etdi. Mamlakatning har bir hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyat ko`rsatmoqda, ularda har yili 30 mingga yaqin ayolga tadbirkorlik, kasb-hunarga qayta tayyorlash va ishga joylashish bo`yicha amaliy yordam ko`rsatiladi.

Ustav kapitali 96 mln AQSh dollari bo`lgan yangi tashkil etilgan Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg`armasi doirasida tadbirkor ayollarning loyihalarini imtiyozli kreditlash dasturi ishga tushirildi.

Forum Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqoti doirasida Markaziy Osiyo va Afg`oniston tadbirkor ayollari o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha qabul qilingan “Yo`l xaritasi”da belgilangan vazifalar bajarilishiga ko`maklashishi ta`kidlandi.

Ushbu tadbir parlamentlararo, savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, ikki mamlakat o`rtasida yuksak darajada ahil qo`shnichilik, strategik hamkorlik va mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo`yicha ilgari erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi. Ishtirokchilarning boy tajribasi esa xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirish yo`lidagi sa`y-harakatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ishtirokchilarning fikricha, Forum barqaror iqtisodiyot uchun eng yaxshi amaliyot yaratishda tadbirkor ayollar o`rtasidagi mamlakatlararo va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar