AsosiyJamiyat

Farg`onada do`kondor nosoz telefonni boshqasiga almashtirib bermay mijozni sarson qildi

'Farg`onada do`kondor nosoz telefonni boshqasiga almashtirib bermay mijozni sarson qildi'ning rasmi

Farg`ona viloyati Uchko`prik tumanida yashovchi fuqaro M.Yusuvalieva tomonidan O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga murojaat kelib tushgan.

Unda qayd etilishicha iste`molchi, tumandagi kredit savdo do`konlarining biridan iyun oyida 3.753.600 so`m evaziga muddatli to`lov sharti bilan Samsung rusumli qo`l telefoni xarid qilgan. Lekin ushbu qo`l telefoni nosoz chiqqanligi bois sotuvchi bilan bog`lanib nosoz qo`l telefoni o`rniga, shu markadagi boshqa telefonga almashtirib berishlarini talab qilgan.

Sotuvchi esa, qo`l telefonini texnik ko`rikdan o`tkazgan va haqiqattan ham  telefon apparati nosoz ekani ma`lum bo`lgan. Do`kon xodimlari mazkur markadagi telefon yo`q ekani, agar 3-4 kun kutsa, yangisi kelganda almashtirib berishlarini aytgan. Iste`molchi oradan 5 kun o`tib yana xabar oladi. Biroq, yana turli bahonalarni ro`kaj qilib telefon apparatini almashtirib berishmaganini ta`kidlagan.

O`rganishlar davomida sotuvchi va iste`molchi o`rtasidagi kelishuvga ko`ra, Samsung telefoni  o`rniga Xiaomi Mi Note 9 128 G rusumli qo`l telefoniga almashtirib berilishiga erishildi.

Shuningdek, Farg`ona viloyati Quva tumanida yashovchi fuqaro  Z.Xolmatovninig O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati Federasiya mas`ullari tomonidan o`rganildi.

Murojaatda qayd etilishicha, iste`molchi xonadoniga 2004 yilda tabiiy gaz o`tkazilgan bo`lib, iste`molchi to`lovlarni muntazam va o`z vaqtida amalga oshirib kelishiga qaramay Quva tuman Gaz ta`minot korxonasi tomonidan 175 560 (bir yuz etmish besh ming besh yuz oltmish) so`m qarzini o`z vaqtida to`lashi kerakligi haqida xat kelgan.

Murojaatini o`rganish jarayonida amalga oshirilgan to`lovlar qayta hisob-kitob qilinganda, iste`molchining haqiqatda 47 320 so`m qarzdorligi mavjudligi, bazaga noto`g`ri hisob kiritilishi natijasida qarzdorligi 222 880 so`mga aylanib ketganligi aniqlandi.

Yana bir holat. Ushbu hududda yashovchi yana bir fuqaro X.M. ning murojaati ham o`rganilishi jaaryonida gaz idorasi xodimlari tomonidan gaz hisoblash uskunasining ko`rsatgichi noto`g`ri kiritilishi natijasida iste`molchida 101 339 so`m asossiz qarzdorlik yuzaga kelganligi ma`lum bo`ldi.

Yuqoridagi holatlarni o`rganish natijasida, iste`molchilarga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik bartaraf etilishiga erishildi.

    Boshqa yangiliklar