Facebook ijtimoiy tarmog`ida e`lon qilingan M. Mansurovaga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llashga oid bildirish yuzasidan Oliy Sud ma`lumot berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Yunusobod tuman prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilingan Mehribon Mansurovaga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash haqidagi iltimosnoma jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudiga kiritilgan.
2021 yil 11 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan tuman prokurorining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo`llash haqidagi iltimosnomasi rad etilgan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining 2021 yil 11 sentyabrdagi ajrimiga nisbatan Yunusobod tuman prokurori tomonidan apellyasiya protesti keltirilgan. Ushbu protest belgilangan tartibda ko`rib chiqilib, qanoatlantirilgan.
Zotan, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo`yicha sudlov hay`ati apellyasiya instansiyasi tomonidan M. Mansurova og`ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinganligi, uning dastlabki tergov va suddan bo`yin tovlab yashirinishi mumkinligi, u ochiqda qolgan taqdirda jinoyatga aloqador dalillarni yo`q qilishi, guvohlarni ko`ndirishi va boshqa qonunga xilof harakatlar bilan dastlabki tergov jarayoniga to`sqinlik qilishi, ish bo`yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlar sodir etishi va qayta yangi jinoyatlar sodir etishi mumkinligi inobatga olingan. Shu munosabat bilan M. Mansurovaga nisbatan “qamoqqa olish” tariqasidagi ehtiyot chorasini qo`llash lozim, degan xulosaga kelingan.
M. Mansurovani IIBB VSH orqali IIV JIEBB qarashli 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirish belgilangan.






