Samarqandliklar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoev Ikkinchi jahon urushining og`ir yillarida Samarqandga evakuasiya qilingan 165 ming kishiga boshpana berib, ular bilan so`nggi burda nonini baham ko`rgan Samarqand xalqi haqida gapirdi, deya xabar bermoqda "Darakchi" muxbiri
Bunga misol tariqasida u janglarda qahramonlik ko`rsatib, “Qizil yulduz” ordeni va “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan, urushdan nogiron bo`lib qaytgan Hamid Samadov va uning umr yo`ldoshi Sanobar Samadova bilan birga o`zining 6 farzandi yoniga turli millatga mansub 13 nafar etim bolani olib, voyaga etkazgani, kattaqo`rg`onlik fidoyi va jonkuyar ayol, o`sha suronli yillarda kolxoz raisi bo`lib ishlagan Fotima Karimova ham 10 nafar etim bolani o`z qaramog`iga olib, tarbiya qilganini yodga oldi.
Shuningdek, prezident mehribonlik uylari haqida ham ayrim voqealarni xotirlab: “Samarqanddagi mehribonlik uylarini mendan yaxshi biladigan odam yo`q. Birinchi marta kelganimda u joylarga kirib bo`lmasdi. Bir tuman prokuraturasi chiroyli binoda o`tirgan edi. Qarovsiz mehribonlik uyini o`sha binoga ko`chirtirdim. O`shanda birinchi marta respublikaning sobiq prokurori bilan “san-man”ga bordik. “Men shu viloyatda hokimman, o`zim uchun qilmadim, bolalar uchun, xalq uchun qildim” degandim. Ular ham bizning farzandlarimiz. Ularning ham Xudodan umidi bor”, - dedi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoevning aytishicha, Namangan viloyatidagi Mehribonlik uyiga borganidan so`ng 37 ta oila u erdan farzandlarini olib ketgan.






