Toshkentda o`zaro urushib qolgan bolalarni ajratigani chiqqat ota-onalar ham janjallashib qoldi. Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va ayni paytda poytax IIBB holatga munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 12 sentyabr kuni Uchtepa tumani Chilonzor-15 mavzesida yosh bolalar o`zaro janjallashib qolgan. Ularni ajratishga chiqqan yaqinlari 51 yoshli Liliya Ya., uning qizi 26 yoshli Diana I. va 32 yoshli Barnoxon R., uning turmush o`rtog`i 40 yoshli Jamshid R. lar o`rtasida esa mojaro yuzaga kelgan. Kattalar bir-birini haqorat qilib, jamiyatda yurish turish qoidalarini buzishgan.
Shundan so`ng Liliya Ya. Uchtepa tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi yuzasidan o`tkazilgan tekshiruv natijasi bo`yicha Liliya Ya., Diana I., Barnoxon R., Jamshid R.larga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) bilan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun tuman sudiga taqdim etilgan.
Shuningdek, o`zaro janjallashgan bolalardan hech kim sud tibbiy ekspertizadan o`tmaganligi ma`lum qilindi.






