AsosiyJamiyat

Senatorlar ta`lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta`minlash masalalarini muhokama qilishdi

'Senatorlar ta`lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta`minlash masalalarini muhokama qilishdi'ning rasmi

2021 yil 24 sentyabr kuni Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasining majlisi bo`lib o`tdi. Unda senatorlar, ekspertlar, vazirlik va idoralar mas`ullari, Yoshlar parlamenti a`zolari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.

Majlisda parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Shu jumladan, ta`lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta`minlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari ko`rib chiqildi.

Qayd etilganidek, ta`lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta`minlashda hukumat tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Aholi bandligi to`g`risida”gi Qonunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Aholi bandligiga ko`maklashish davlat dasturi loyihasini har yili 1 dekabrdan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab qo`yilgan va bu tartibga amal qilinmoqda.

2021/2022 o`quv yilidan boshlab texnikumlar o`quvchilariga amaliyot o`tash joylarini tashkil qilish hamda kelgusida ishga joylashishlari uchun 800 ga yaqin tarmoq korxona va tashkilotlarga biriktirish yuzasidan hukumat qarori tayyorlangan.

Yoshlarning tadbirkorlik bilim va ko`nikmalarini rivojlantirish maqsadida oliy va professional ta`lim muassasalarida “Kichik biznes va tadbirkorlik asoslari”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish”, “Turizmda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish” va “Biznesni tashkil etish va yuritish” fanlari va o`quv dasturlari ishlab chiqilgan.

2019-2021 yillarda Aholi bandligiga ko`maklashish markazlari uchun zamonaviy binolar qurish, xodimlarni rag`batlantirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun talab etiladigan xarajatlarga Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`lari hisobidan 24 mlrd 600 mln so`m mikdorida mablag`lar moliyalashtirilib, 20 ta zamonaviy xizmat ko`rsatish binosi foydalanishga topshirilgan.

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida www.ish2.mehnat.uz bo`sh (vakant) ish o`rinlari bazasi yaratilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish jarayonida senatorlar tomonidan bitiruvchilar bandligini ta`minlash borasida bir qator tavsiyalar ham ilgari surildi.

Jumladan, oliy va professional ta`lim muassasalari bitiruvchilarini o`quv-ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilish tizimini tubdan qayta ko`rib chiqish, rivojlangan davlatlar tajribasini o`rgangan holda xususiy sektorda kadrlarni ishga joylashtirish bo`yicha sub`ektlar faoliyatini rag`batlantirish tizimini yaratishga alohida e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi.

Shuningdek, majlisda davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarining 2021 yil 1 yarim yillik yakunlari bo`yicha ijrosi ham muhokama qilindi. Bunda asosiy e`tibor madaniyat va sport sohasi hamda yoshlar uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablag`larning to`g`ri sarflanishiga qaratildi.

Muhokamalar yakunida Qo`mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

    Boshqa yangiliklar