AsosiyJamiyat

Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 6 nafar hamyurtimiz O`zbekistonga qaytarildi

'Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 6 nafar hamyurtimiz O`zbekistonga qaytarildi'ning rasmi

Joriy hafta davomida xorijda murakkab moliyaviy ahvolda qolgan va mehnat qobiliyatini yo`qotgan 6 nafar fuqaro Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va mamlakatimizning xorijdagi konsullik idoralari ko`magida O`zbekistonga qaytarildi.

Ma`lum qilinishicha, samarqandlik A.Q. 2020 yil mart oyida Rossiyaning Tomsk shahriga ishlash maqsadida boradi va salomatligi yomonlashganligi sababli mehnat qobiliyatini yo`qotadi. Ushbu fuqaro Agentlik tashabbusi va homiylar ko`magida davolanish bilan bog`liq xarajati, oziq-ovqat va vaqtinchalik yashash joyi bilan ta`minlandi. Shuningdek, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan 22 sentyabr kuni Navosibirsk-Toshkent yo`nalishida Vatanga qaytarildi.

59 yoshli farg`onalik U.Yu. joriy yilning avgust oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, sog`ligi yomonlashadi va mehnat qobiliyatini yo`qotadi. Agentlik tomonidan homiylar jalb qilinib, 24 sentyabr kuni Sankt-Peterburg-Farg`ona yo`nalishida O`zbekistonga qaytib keldi.

Asli Namangan viloyatidan bo`lgan A.I. joriy yilda Rossiyaning Navosibirsk shahridagi qurilish ob`ektida ishlash maqsadida ketgan, kasallikka uchrab, ishsiz qolgan. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan Agentlik ko`magida Novosibirsk-Toshkent yo`nalishidagi aviareys bilan Vatanga qaytarildi.

Andijonlik J.T. 2019 yilda qurilish sohasida ishlash maqsadida Rossiyaning Novosibirsk shahriga borib, muqim ish joylarida ishlolmaganligi sababli moliyaviy qiyin ahvolda qolgan. Fuqaroga Agentlik ko`magida homiylar jalb qilingan holda Novosibirsk-Andijon yo`nalishidagi aviareys bilan O`zbekistonga qaytish uchun avia chipta tashkil qilindi.

51 yoshli navoiylik I.P. Rossiyaning Novosibirsk shahriga sog`ligi yomonlashishi natijasida moliyaviy qiyin ahvolda qoladi. Agentlik tashabbusi bilan saxiy insonlar ko`magida Vatanga qaytishiga amaliy yordam ko`rsatildi.

Qashqadaryolik M.M. joriy yilda ijtimoiy tarmoqdagi e`lon asosida Ukrainaning Kiev shahriga borib, taklif etilgan kompaniya bilan kelisholmay moliyaviy qiyin ahvolda qoladi. O`zbekistonning Ukrainadagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda 22 sentyabr kuni Kiev-Toshkent yo`nalishidagi aviareys orqali O`zbekistonga qaytishiga ko`maklashildi.

    Boshqa yangiliklar