1

Bolalarda kechadigan ko`richak belgilarini qanday aniqlash mumkin? Shifokor javob berdi

Salomatlik 26.09.2021, 16:24
Teglar: ko`richak
Bolalarda kechadigan ko`richak belgilarini qanday aniqlash mumkin? Shifokor javob berdi

Ma`lumki, tibbiyotda minglab sindromlar yoki kasallik belgilari mavjud. Shulardan, bolalarda qorin og`rig`i eng ko`p uchraydi.  

Hatto, qorin va qorin bo`shlig`iga umuman aloqasi bo`lmagan tana a`zolari kasalliklari ham bolalarda qorin og`irig`i bilan kechishi mumkin. Shulardan biri o`tkir ko`richak (appendisit) kasalligidir, deya ta`kidlaydi SSV matbuot kotibi.

Sog`liqni saqlash vazirligi bolalar bosh xirurgi Nozim O`rmonov mazkur kasallik bilan bog`liq ayrim ma`lumotlarni keltirib o`tdi.

"O`tkir appendisit – chuvalchangsimon o`simtaning yallig`lanishi hisoblanib, u go`dak bolalarda kamroq, katta yoshli bolalarda esa ko`proq uchraydi. Ushbu kasallik turli virusli xastaliklar, bodomcha bezlar, quloq pardasining yallig`lanishi va boshqa yiringli kasalliklardan so`ng boshlanishi mumkin. Bola qancha yosh bo`lsa, chuvalchangsimon o`simtadagi yallig`lanish va chirish jarayoni shuncha tez rivojlanadi. Kasallikning kelib chiqishiga asosan ovqatlanish tartibi va ichak faoliyatining buzilishi, surunkali yallig`lanishlar sabab bo`ladi",– deydi shifokor.

Uning ta`kidlashicha, kasallik belgilarida bolaning injiqlashishi ham namoyon bo`ladi.

"Katta yoshli bola bu kasallikda qornidagi og`riqdan shikoyat qiladi, isitma ko`tariladi, qayt qiladi, qabziyat kuzatiladi. Og`riq dastlab qorinni butunlay qamrab oladi, so`ng o`ng yonbosh sohasiga o`tadi va doimiy kuzatiladi. Bola odatda chalqanchasiga yoki o`ng yonboshi bilan yotadi. Boisi, bunda og`riq biroz susayadi, biroq har qanday harakat og`riqni zo`raytiraveradi. Vaqt o`tib, og`riq biroz pasayadi, lekin yo`qolmaydi. Qorin paypaslab ko`rilganda o`ng yonbosh sohasida kuchli og`riq seziladi, qorin mushaklari taranglashgan bo`ladi.  Appendisitda go`dak bola bezovta bo`ladi, injiq bo`lib qoladi. Uyqusi buziladi, qayt qiladi, isitmasi 38-39 darajaga ko`tariladi. Bolaninng o`ng yonboshi paypaslanganda cho`chib uyg`onadi yoki og`riqdan yig`laydi",–deydi Nozim O`rmonov.

Shuningdek shifokor mazkur kasallik turlariga ham to`xtalib o`tdi.

"Ularda bu kasallikning ikki – oddiy yoki kataral va destruktiv turi uchraydi. Destruktiv appendisit o`z navbatida flegmonali hamda gangrenali o`tkir ko`richakka bo`linadi.  Destruktiv appendisit ko`rinishlaridan biri shuki, u teshiladi va peritonit – qorin pardasining yallig`lanishiga sabab bo`ladi. Ba`zida chuvalchangsimon o`simta atrofida yiringdon paydo bo`lishi ham mumkin",– deydi bolalar bosh xirurgi.

Uning ta`kidlashicha, o`tkir appendisit kattalarga qaraganda bolalarda kuchli va tez o`tadi. Ya`ni, 6-12 soat o`tmasidanoq, appendiks devori chirib, yorilishi va qorin bo`shlig`iga yiring tarqalib ketishi mumkin. Shu bois, ota-onalar farzandining qorin sohasidagi og`riqlariga aslo bee`tibor bo`lmasliklari maslaxat beriladi. Ayrim ota-onalar boladagi qorin og`irig`i bilan kechuvchi xirurgik xastaliklarda shifokorga murojaat qilmasdan, bemorni uyda saqlab, og`riqni qoldirish uchun qoringa issiq jismlar qo`yishga, ichni yurituvchi va og`riqni qoldiruvchi dori vositalarini ichirishga, huqna qilishga harakat qilishadi. Biroq yallig`lanish jarayoni to`xtamagani uchun birozdan so`ng og`riq yana avjiga chiqadi, deydi shifokor, qorin devorlari taranglashib, nafas olish qiyinlashishini aytib.

Uning so`zlariga ko`ra, bu vaqtda yurak tez yora boshlaydi. Bunda bolani zudlik bilan shifoxonaga olib borib, operasiya qilish kerakligi aytiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1