Hukumat qarori (606-son, 24.09.2021 y.) bilan Oliy ta`lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta`limni olish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati xabar qildi.
Nizomga ko`ra, oliy ma`lumotga ega bo`lgan bakalavr (diplomli mutaxassis) darajasiga ega shaxslar bakalavriat ta`lim yo`nalishlari bo`yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta`limni olishlari mumkin.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta`lim bo`yicha qabul parametrlari OTM kengashi tomonidan belgilanadi.
O`qishga kirish uchun abiturientlar har yili 10 iyuldan 10 avgustgacha (shu kuni ham) Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus elektron tizim orqali ro`yxatdan o`tadi.
Qabul tartibi (kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari, imtihon o`tkazish muddatlari) har yili 1 iyulgacha OTM rasmiy veb-saytida e`lon qilinadi.
Qabul natijalari har yili 30 avgustgacha OTM tomonidan e`lon qilinadi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta`limda o`qish 2-kursdan boshlanadi. Bunda o`qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta`lim yo`nalishlari uchun belgilangan muddatdan bir yilga kam etib belgilanadi.
Nizom oliy harbiy ta`lim muassasalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur tartib 2022 yil 1 maydan kuchga kiradi.






