Ba`zi xorijiy davlatlarda ikki fuqarolik qonun bilan taqiqlanmagani sababli amaliyotda O`zbekiston fuqarolari orasida chet mamlakat fuqaroligini qabul qilish holatlari uchramoqda. Amaldagi qonunlarga asosan, fuqarolarda ushbu fakt yuzasidan davlat organlariga xabar berish majburiyati mavjud emas.
Kelgusida bu kabi holatlarga yo`l qo`ymaslik va fuqarolarning mas`uliyatini oshirish maqsadida Qonunchilik palatasi yalpi majlisida «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonuni loyihasi ma`qullangan.
Qonun loyihasida quyidagilar nazarda tutilmoqda:
O`zbekiston Respublikasi fuqaroligida bo`lgan va chet davlat fuqaroligini olgan shaxslarni, chet davlat fuqaroligini qabul qilgan kundan boshlab 30 kalendar kuni ichida xabar berish tartibi joriy qilinadi;
Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga O`zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermaganligi uchun javobgarlik kiritiladi;
O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilgan shaxs tomonidan, O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasporti yoki identifikasiya ID-kartalaridan foydalanganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanadi;
davlat xizmatchilari yoki hokimiyat vakili vazifalarini bajaradigan yoki davlat organlarida tashkiliy-boshqaruv yoxud ma`muriy-xo`jalik funksiyalarni bajaradigan O`zbekiston fuqarolari tomonidan chet davlat fuqaroligini olgani haqida belgilangan muddatda xabar bermagani uchun javobgarlik belgilanadi.






