Bugun ijtimoiy tarmoqlarda so`nggi kunlarda poytaxtimizda bolalar o`rtasida yuqori nafas yo`llari yallig`lanishi bilan bog`liq noma`lum yuqumli kasallik tarqalayotgani, “Tez yordam” xizmatiga bolalarda isitma ko`tarilishi bilan bog`liq chaqiruvlar soni keskin ortgani, shu bois, bu qanday kasallik ekanini aniqlash hamda poytaxt umumta`lim maktablari va bolalar maktabgacha ta`lim muassasalarini 10 kun muddatga karantinga yopish lozimligi to`g`risidagi xabar tarqaldi. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab bo`ldi.
Mazkur holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma`lum qiladi.
Avvalo shuni aytish kerakki, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat yo`llagan ushbu shaxs tibbiyot xodimi ekanligini e`tiborga olsak, sohada belgilangan tartibga muvofiq, shifokor o`z amaliyotidagi xulosa va fikrlarini “Tez yordam” xizmatining navbatchi brigadasi boshlig`i yoki muassasaning mas`ul rahbariga hamda tizimning mutasaddi ekspertlariga bildirishi lozim. Agar uning fikri chindan ham asosli bo`lsa, muammoni echish bo`yicha o`rnatilgan tartibda qaror qabul qilinadi va ijroga yo`naltiriladi.
Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik nomiga “Bu qanday kasallik?” – deya murojaat yo`llash orqali keng ommaning fikrini noto`g`ri shakllantirish, aholi o`rtasida asossiz vahima va bezovtalikni qo`zg`ashga sabab bo`luvchi bunday chiqish mutaxassisdan katta mas`uliyat talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, ushbu tibbiyot xodimining bunday pozisiyasi sohada o`rnatilgan tartib va kasb etikasiga umuman ziddir.
Aslida har yili kuz va qish fasli gripp hamda o`tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan palla hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda yurtimizda nafaqat bolalar, balki kattalar o`rtasida ham yilning boshqa davrlariga nisbatan gripp va O`RVI xastaliklari nisbatan ko`proq kuzatiladi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM)ning Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi CALL-markaziga so`nggi o`n kunda (18 – 27 sentyabr) jami 41 ming 986 ta chaqiruv kelib tushib, shundan bolalarda tana haroratining ko`tarilishi, holsizlik, bosh og`rig`i, burun bitishi kabi qator kasallik belgilari bilan 10 mingdan ziyod murojaat qayd etilgan.
Ayni kunlarda shifoxonalarga o`tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari belgilari bilan yotqizilayotgan bemor bolalarning aksariyatida tana harorati ko`tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi mavsumiy O`RVIga xos belgilar kuzatilayotgan bo`lib, ushbu bemorlarga nisbatan virusga qarshi va antibakterial davo muolajalari olib borilgandan so`ng, deyarli barchasi 3-4 kundan keyin kasallikdan sog`ayishi kuzatilmoqda.
Qolaversa, bugungi kunda poytaxt shifoxonalariga o`tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari bilan yotqizilayotgan barcha bolalardan koronavirus infeksiyasiga PZR test tahlillari olinib, kasallikka qarshi tekshirilmoqda, biroq ularning deyarli barchasida kasallik aniqlanayotgani yo`q. Vaholanki, so`nggi haftalarda yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida ham pasayish kuzatilmoqda. Bundan ko`rish mumkinki, ushbu kasallik COVID-19 infeksiyasi bilan bog`liq emas.
— Shuni aytish lozimki, soha mutaxassislari tomonidan doimgidek bu yil ham tana harorati ko`tarilishi bilan shifoxonaga murojaat qilayotgan bolalar tekshiruvdan o`tkazilganda ularda hech qanday noma`lum virus aniqlanmagani, kasallikni oddiy o`tkir respirator virusli infeksiyalar qo`zg`atayotgani ma`lum bo`lmoqda, — deydi Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o`rinbosari Nurmat ATABEKOV. — Shunday ekan mavsumiy kasallikdan fojea yasash, shusiz ham bugungi murakkab pandemik sharoitida yashayotgan odamlar orasida asossiz vahima uyg`otish yaxshi holat emas, deb o`ylayman.
Qolaversa, har yili tibbiyot xodimlari kuz mavsumi boshlanishi vaqtida aholidan gripp kasalligiga qarshi emlanishni tavsiya qiladi. Chunki gripp kasalligi tanada ko`proq asoratlar qoldirishi bilan xavfli hisoblanadi. Boshqa o`tkir respirator virusli infeksiyalar esa tanada deyarli salbiy o`zgarishlar qoldirmaydi. Shuningdek, grippga qarshi emlanish orqali insonda “chorraha immuniteti” shakllanib, bu boshqa O`RVI kasalliklariga qarshi ham muhim himoya hisoblanadi.
Sog`liqni saqlash vazirligi joriy yil sentyabr oyi boshidan buyon yurtimizda mavsumiy o`tkir respirator virusli infeksiyalar tarqalishini to`liq nazoratga olgan va kasalikka chalingan barcha bolalar to`liq shifokorlar nazoratida.
Shunday ekan, mamlakatimizdagi umumta`lim maktablari va maktabgacha ta`lim muassasalarini karantinga yopishga hech qanday asos yo`q. Qolaversa, yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli noto`g`ri xabarlarga ishonmaslik hamda vahimaga tushmasliklarini, agar farzandingizda tana harorati ko`tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi belgilar kuzatilsa, oilaviy shifokorga murojaat qilishlarini so`raymiz.