AsosiyJamiyat

Kuzgi ekologik masalalar oqilona echimga muhtoj

'Kuzgi ekologik masalalar oqilona echimga muhtoj'ning rasmi

Kuz to`shagan gilam – xazon bilan muomala qilish ko`p vaqt va mehnat talab qiluvchi yumush. Ular bilan ishlash qo`l ushlaydigan ish bo`lgani, to`plagan taqdirda chiqindilar oshib ketishi sabab ko`pchilik oson yo`lni – yoqishni tanlaydi. Bu esa shundoq ham kun sayin yomonlashayotgan ekologiyaga yana bir bor dushmanlik harakatidir.

Aslida tabiat – tabib, unda barcha tabiiy jarayonlar insoniyat foydasiga xizmat qiladi. Shu jumladan, er bilan bitta bo`lgan xazon barglari ham yoqib yo`q qilinadigan emas, o`rnida ishlatilsa naf keltiradigan manbadir. Undagi organik moddalar tuproq tarkibini yaxshilashi mutaxassislar tomonidan isbotlangan.

To`g`ri, maysazorga yoki gulzorga tushgan barglar yorug`lik va havo qabulini to`sib qo`yadi. Shuningdek, nisbatan issiq va nam havoda xazon barglari mog`orlashni boshlab, allergiya, astma, kon`yunktivit kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi. Biroq, mevali daraxtlar tagiga ko`milsa, chirindiga boy o`g`it kelasi yilgi mo`l xosilga xissa qo`shishi-chi?  Quruq barglar ayrim o`simliklar uchun iliq va muhofazaviy qalqon vazifasini o`tashi ham bor gap.

Barglar bilan boyitilgan er engil bo`ladi, u zich tuproq uchun pishirish kukuni kabidir va ildizlarga havo kirishini ta`minlaydi. Bu ayniqsa suv turg`un bo`lgan joylarda botqoqlanishning oldini olish uchun muhimdir.

O`rmonlarda barglar asrlar davomida to`planib, o`simliklar va hayvonlar uchun qulay muhit yaratadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, xazon – keraksiz chiqindi emas, balki oziq moddalar aylanishining muhim bo`g`inidir. Daraxtdan to`kilgan barglarda chuvalchanglar tez ko`payadi, xazon ular uchun oziq-ovqat hisoblanadi. O`z navbatida, tuproqqa organik moddalar kirib keladi va sifati yaxshilanadi.

Kuzgi barglarda azot shu qadar ko`pki, bu borada barg chirindi va qo`y go`ngi bilan ham bellasha oladi. Shu jihatdan o`simliklar uchun foydasi benazir. Xazon bilan to`yingan tuproq “bahavo” bo`lib, o`simliklar ildizi nafas olishini tubdan yaxshilaydi. Mazkur omil tufayli tuproq qurib ketmaydi, unumdor qatlami parchalanmaydi, sovuq havoga chidamli bo`ladi. 

To`plangan barglarni ko`mish – eng maqbul yo`l. Chunki ular ekologik tizimning bir unsuri, u tabiatga qaytarilishi, ona er bag`riga singishi darkor.

Xazonning tabiiy biologik o`g`it sifatidagi foydalarini nazardan o`tkazdik. Endi, tasavvur qiling, tabiatning bu foydali unsuri yoqildi, yo`q qilindi. Nafdan bebahra qolindi, shundaymi? Afsuski, shu xolos emas. Nafaqat foydadan mosuvo bo`linadi, balki katta zarar ko`radi.

Xazonlar yonish payti dioksinlar (atrof-muhitni zararlovchi moddalar) havoga yopiriladi. Bu inson salomatligiga jiddiy ta`sir ko`rsatib, nafas olish a`zolarining surunkali xastaliklaridan tortib genetik o`zgarishlargacha zamin hozirlaydi. Yoz davomida barglar havodagi og`ir metallarni to`plab, havoni tozalash bilan band bo`ladi. Yondirilganda esa bu moddalarning hammasi havoga qaytishini tasavvur qiling! Mutaxassislar tomonidan muqoyasa qilinishicha, xazon tutunidan nafas olib o`tkazilgan 1 soat vaqt – shahar magistralida 5 soat qolish bilan tengdir. 

Demak, bir qancha mamlakatlar (Rossiya, Ukraina, Qozog`iston, Qirg`iziston) qonunchiligida xazonni yoqish taqiqlanishi, bunday xatti-harakat uchun jarima belgilanishi bejiz emas. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 50-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo`lishga majburdirlar” deb ta`kidlangan. O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 88-moddasida “Dala va aholi punktlarida ang`iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o`simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi” deya qayd etilgan.

“Tabiatni muhofaza qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni 2-moddasida yozilishicha, tabiatni muhofaza qilish ob`ektlari (er, er osti boyliklari, suv, o`simlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi) ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron bo`lishdan, yo`q bo`lib ketishdan, nooqilona foydalanishdan muhofaza etilishi lozim.

“Atmosfera havosini muhofaza qilish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida esa “Fuqarolar atmosfera havosini avaylashlari, uning ifloslanishiga, kamayishiga va unga fizikaviy omillar zararli ta`sir etishiga olib keluvchi harakatlarni qilmasliklari shart”, deb yozilgan.

Ko`rib turganingizdek, xazon yoqilishini qonun taqiqlaydi, mutaxassislar qoralaydi. Lekin hamon kuz kelishi bilan xazon tutuni ko`zlarni achishtirishni, dimog`ni bo`g`ishni boshlaydi. Afsuski, tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat ko`ngildagidek emas. Ekologik partiya (harakat sifatida faoliyat yuritganida ham, partiyaga aylanganidan keyin ham) bu borada ta`sirchan tashabbuslar bilan chiqqani yo`q.

Toza havodan o`pkasini to`ldirib nafas olish va bu orqali sog`lom yashash – insoniyaning oliy huquqi, unga dahl ko`rsatuvchi har qanday omilga qarshi qat`iy kurashish shart!  

Bahrom ABDUHALIMOV,

“Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi

    Boshqa yangiliklar