Ma`lumki, joriy yilning 20 avgust kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Intellektual mulk ob`ektlarining huquqiy muhofazasini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunga muvofiq muallifga mualliflik huquqi va turdosh huquqlari buzilgan taqdirda, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslardan zarar qoplanishi o`rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovon to`lashini talab qilish huquqi berildi.
Xabaringiz bor, Sanjay taxallusi bilan ijod qilayotgan xonanda Djavberdiev Sanjar shoir Usmon Azimning she`ridan ruxsatsiz foydalanganligi sababli Ma`muriy sud tomonidan javobgarlikka tortish masalasi ko`rib chiqilganligi haqida xabar berilgandi.
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining xabar berishicha, 2021 yilning 29 iyunda agentlikka O`zbekiston Respublikasi Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyatining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam ko`rsatish to`g`risidagi murojaati kelib tushgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro S.Djavberdiev tomonidan O`zbekiston Respublikasi xalq artisti Sherali Jo`raev qalamiga mansub “Gulbadan” hamda “Atirgulim atringni soch” nomli she`riy asarlardan huquq egasining ruxsatisiz, noqonuniy tarzda foydalanganligi bo`yicha chora ko`rish so`ralgan.
Agentlik tomonidan olib borilgan o`rganishlar natijasida murojaatda keltirilgan holatlar o`z tasdig`ini topgan.
Ta`kidlanishicha, agentlik tomonidan fuqaro S.Djavberdievga nisbatan holat yuzasidan Ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnoma tuzilib, ma`muriy javobgarlik masalasi ko`rib chiqish uchun tegishli sudga yuborilgan.
Mazkur ma`muriy ish materiallari 2021 yilning 20 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudi tomonidan ko`rib chiqilib, fuqaro S.Djavberdievga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 177 (1)-moddasi birinchi qismi bilan jarima jazosi qo`llanilgan.
Ma`lumot uchun, O`zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida”gi Qonunining 62-moddasiga muvofiq huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob`ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.
Endilikda mazkur o`zgartirishni inobatga olgan holda huquq egasi o`z mualliflik huquqlarini buzgan huquqbuzardan sud tartibida o`zlariga etkazilgan zarar qoplanishi o`rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha miqdorda tovonni to`lashini talab qilishi mumkin.