Har elning o`z tiliga munosabati, cheksiz hurmati va sadoqati nafaqat ota-bobolariga, balki o`z millati va davlatiga bo`lgan yuksak ehtiromining ramzi hisoblanadi.
Davlat tilidan to`g`ri foydalanish, uning sofligi va qat`iy me`yorlarini saqlash, muntazam boyitib borish, nutq madaniyatini oshirish nafaqat o`qituvchi-pedagoglarning, jurnalist va noshirlarning, balki har bir millatdoshimizning insoniy burchidir.
Bu muhim jarayonlarga yordam berish va ko`mak ko`rsatish bo`yicha kuchli axborot-targ`ibot ishlari, jumladan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma`naviyat va Davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining rasmiy telegram kanali sahifasi va rasmiy sayti o`z faolligini oshirib, ona tili va adabiyoti bo`yicha yangidan-yangi ma`lumotlar berib borayotgani ko`p ming sonli pedagoglarimizning alohida e`tiborini tormoqda.
Xususan, u orqali tuman va shahar, viloyat hokimlarining til siyosati bo`yicha masalahatchilarining turli munosabatlari va amaliy ish tajribalari, tashqi ko`cha yozuvlari, reklama va e`lonlarga qo`yilayotgan talab va tartiblar, tegishli qonunchilik bandlari, jamoatchilik nazorati bilan tanishib borayapmiz.
Nashriyotlarda lotin alifbosida yaratilayotgan turli yangi lug`atlari, qisqartmalar, maqollar mazmuni, sinonimlar, xorijiy o`zlashma so`zlarning tarixi va qo`llanilishi haqida qiziqarli ma`lumotlar berilmoqda.
Xususan, “O`zbek tili izohli lug`ati” qayta nashri, “Xalqaro terminelementlarning izohli-illyustrativ lug`ati”, “Qishloq xo`jaligi atamalarining izohli lug`ati" haqidagi qiziqarli ma`lumotlarni bilib oldik va ish jarayonida xarid qildik.
Turli taniqli shoir, yozuvchi va jurnalistlarimiz, iste`dodli aktyor va notiqlarimizning, xorijda tahsil olayotgan o`zbek talabalari, boshqa millat vakillarining tilimiz haqida mazmundor she`rlari ayniqsa dilga yaqindir. Xorijda va yurtimizda o`zbek tili bo`yicha o`tkazilayotgan konferensiyalar va anjumanlar haqida ham doimo to`xtalib borilmoqda.
Sohamizning o`ziga xos “ilmiy drayveri” bo`lgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti, Fanlar akademiyasi O`zbek tili, adabiyoti va folklori institutlarida bo`layotgan so`nggi yangiliklar, sohaga oid ko`plab zamonaviy yangiliklar nafaqat matn, balki video shaklida ham muntazam beriladi.
Adabiyotimiz, so`zni to`g`ri yozish haqidagi turli savollar, imlo xatolari ko`rsatkichlari, buyuk ajdodlarimizning til haqidagi ibratli fikrlari, tele-ko`rsatuvlardan lavhalar, radioeshittirishlardan parchalar va internetdagi yutub kanallaridagi til qoidalariga oid kurslarning joylashtirilishi esa uning jozibadorligi va bebaho ahamiyatini yanada oshiradi.
Unda tilga oid faol boshqa kanallardagi maqola va chiqishlar ham berib borilishi, ularga havola orqali kirish imkoniyatini berishi bilan diqqatga sazovor.
Oxir-oqibat ona tilimiz mustabid tuzim va undan keyin ham ko`p yillar davomida kechgani kabi ikkinchi darajali emas, balki eng faol muloqot vositasiga aylanishi shart.
Biz pedagoglar bu qimmatli manbalardan o`quvchilarga ta`sirchan darslar va amaliy mashg`ulotlar o`tish, interfaol va yangicha uslublarda o`z tiliga mehr-muhabbat uyg`otish, turli mafkuraviy ta`sirlarga tushmasligi uchun samarali foydalanib kelmoqdamiz.
Muhabbat Rahmatova
Shahrisabz shahridagi 19-o`rta maktabning
o`zbek tili va adabiyoti fani o`qituvchisi






