AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev 69 yoshni qarshi olgan Vladimir Putinni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi

'Shavkat Mirziyoev 69 yoshni qarshi olgan Vladimir Putinni tug`ilgan kuni bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 oktyabr kuni Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya etakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog`lik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, do`st Rossiya xalqiga ega tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tiladi.

Prezident Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo`shayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.

Hamkorlik barcha yo`nalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro savdo hajmi va sanoat kooperasiyasi ko`lami muttasil oshib bormoqda, jumladan, O`zbekiston va Rossiyaning etakchi korxona va banklari ishtirokida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. «Sputnik V» vaksinasini birgalikda ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda: qayta tiklangan Toshkent kinofestivali doirasida o`tgan hafta Rossiya kinosi kunlari muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Mamlakatimizda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining xorijdagi ilk filiali ochildi. Bundan tashqari, shu kunlarda Toshkent shahrida Rossiyada ta`lim olishga bag`ishlangan ko`rgazma o`tkazildi.

Prezidentlar kelgusi oyda bo`lib o`tadigan Rossiya Federasiyasiga oliy darajadagi davlat tashrifiga tayyorgarlik ko`rish masalalarini muhokama qildilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan, shu jumladan Afg`onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz etakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, samimiy va do`stona ruhda o`tdi.

    Boshqa yangiliklar