Til yo`qolsa, madaniyat yo`qoladi, zero aynan til madaniyatni tarqatuvchidir. Har bir millatning madaniy o`ziga xosligi uning tilida aks etadi. Shu bois azaldan til maqomi, uni saqlash va asrab-avaylash, avloddan avlodga etkazish, taraqqiyoti borasida qayg`urish har bir xalqning o`zligini anglash darajasi ko`rsatkichidir. Bilish, muloqot, ijtimoiy integrasiya, ta`lim va rivojlanish jarayonlari bilan bevosita bog`liq tillar doimo strategik ahamiyat kasb etgan.
Shu bilan birga globallashuv jarayoni tillarning yashashigatahdid solayotgani hech kimga sir emas. Taassufki, bir tilning yo`qolishi bilan jahon madaniy xazinasining rang-barangligiga ham putur etadi. Bu bilan esa an`analar, adabiyot, milliy san`at,madaniy meros, milliy tafakkur - barcha bebaho qadriyatlar ham izsiz unutiladi. Natijada jamiyatlar o`ziga xosligi, milliy zehniyat xilma-xilligidan mahrum bo`ladi.
Hozirgi islohotlar jarayonida hukumatimiz tomonidan ona tilimizga mustahkam huquqiy asos yaratib berilayotgani va yuksak maqomga egaligini e`tirof etish kerak, albatta. Tilimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, ilm-fan tiliga aylandi. Xalqaro anjumanlarda minbardan ona tilimiz yangradi. Bu olamshumul voqea bo`ldi.
Til sohasida qo`lga kiritilgan ulkan yutuqlar bizni quvontiradi va g`ururlantirdi, biroq ayni paytda, davlat tilini bilish va qo`llanishi bilan bog`liq hozirgi kunda yuzaga kelayotgan muammolar bizni o`yga toldirmoqda.
Shu ma`noda, hozirgi Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida ham til masalasiga jiddiy e`tibor qaratilishi tabiiy. Lekin aniq bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan strategik reja bo`lishi zarurdir.
Bu boradaO`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturida bir qator aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga e`tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Xo`sh, til siyosatini yana rivojlantirish yuzasidan aniq takliflar dasturlarda aks etganmi?
Til yashasa, millat yashaydi. Zero, til davlat qudrati, nufuzi ramzidir
Bilamizki, YuNESKO loyihasi asosida “yo`qolish xavfi ostidagi dunyo tillari atlasi” yaratilganligi bejiz emas. Ushbu loyihaning maqsadi – hukumat vakillari, til hamjamiyatlari va keng omma e`tiborini ushbu muammoga jalb qilishdir. Atlas ta`bir joiz bo`lsa, dunyo tillarning rang-barangligidan mahrum bo`lib qolishi mumkinligi xavfidan o`ziga xos ogohlantirishdir.
Loyihada tilning saqlanib qolishi uchun muhim bo`lgan omillar qayd etilgan, ular orasida eng asosiy omil tilni avloddan avlodga etkazish, vorisiylikni ta`minlashdir. Loyihada tilning yo`qolishiga tahdid bo`lgan belgilardan biri sifatida “bu tilda ko`pchilik, xususan, yosh avlod ham so`zlashadi, lekin uning qo`llanish darajasi ma`lum sohalar bilan cheklanadi”, deb ko`rsatilgan.
Demak, davlat tili maqomiga ega tilimizni barcha jabhalarda keng qo`llanishini ta`minlash uchun aniq chora-tadbirlarimiz bormi?
Odatda, davlat tili va rasmiy til maqomlari ba`zan ayni bir ma`noda ishlatiladi, ya`ni tilning davlat tili ekani unga rasmiylik nufuzini beradi.
Mazkur tushunchalarga aniqlik kiritish maqsadida 1953 yildayoq YuNESKO tomonidan davlat tili va rasmiy tilga ta`rif berilgan edi. Albatta, bu ta`rif tavsiyaviy xarakterda bo`lib, uni barcha davlatlarga nisbatan aynan tatbiq etish shart emas. Unga ko`ra davlat tili – bu muayayn davlat doirasida siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni birlashtiruvchi vazifani bajaruvchi davlat ramzi bo`lib, eng avvalo, konstitusiya tilidir. Rasmiy til esa davlat boshqaruvi, qonunchilik va sud ishlarini yuritish tilidir.
Jahon tajribasi shuni ko`rsatadiki, davlat tili maqomi har doim ham tilning rasmiy ish yuritishda keng qo`llanilishini anglatavermaydi.
Tilning faqat muayyan sohalarda, masalan, maishiy hayot, norasmiy muloqot, adabiyot va san`atda qo`llanilishi uning nufuzini bora-bora tushiradi. Batamom xavfdan xoli til davlat va rasmiylik maqomiga birdek da`vo qila oladi. Shu nuqtai nazardan davlat tilimizning qo`llanishi doirasi ko`lamini tahlil qilgan holda, uni rasmiy ish yuritish tili sifatida barcha sohalardagi mavqeini yanada ko`tarish uchun qanday chora-tadbirlar ishlab chiqish kerak?
Yana savodxonlik haqida gapirishga majburmiz
Hozirga qadar muomalada ikki yozuvdan foydalanilayotganimiz bois rasmiy idora va tashkilotlarda o`zbek tilida ish yuritishdan ko`ra xizmat yozishmalarini rus tilida rasmiylashtirish afzal ko`rilmoqda. Yil sayin yozuv bilan bog`liq muammo jiddiy tus olmoqda. Umumiy savodxonlikning pasayishi, mutolaa madaniyatining tushib ketganligining asosiy sabablaridan biri ham alifbo bilan bog`liqdir. Tilning nufuzi, taraqqiyoti bevosita yozuv va imlo qoidalarining yagonaligi xamda mukammalligi bilan ta`minlanadi.
Saylov davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy salohiyatini ko`rsatish imkoniyati ekan, yanada taraqqiy etgan va yuksak jamiyatni barpo etishda, hech bir masala diqqat-e`tiborimizdan chetda qolishi mumkin emas. Davlat tili esa siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni birlashtiruvchi vazifani bajaruvchi davlat ramzidir.
Mehribon Abduraxmanova






