AsosiyJamiyat

So`ngi yillarda hokimiyat vakiliga faol qarshilik ko`rsatish jinoyatlarining soni oshgan

'So`ngi yillarda hokimiyat vakiliga faol qarshilik ko`rsatish jinoyatlarining soni oshgan'ning rasmi

4 oktyarb kuni Jinoyat kodeksi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi Qonun qabul qilindi.

Qonun bilan kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik uchun belgilangan javobgarlik choralari kuchaytirildi. Ya`ni bunday harakatlarni sodir etgan shaxslar:

  • BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima (ilgari faqat 50 baravarigacha);
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 1 yilgacha); 
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi (ilgari 1 yilgacha).

Ushbu Qonun qabul qilingach ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xil fikr va mulohazalar bildirilib, keng muhokamalar kelib chiqmoqda.

Dastlab, ushbu Qonun qabul qilinishiga, javobgarlik choralarini ko`chaytirilishiga nima sabab bo`ldi. Shu haqida qisqacha to`xtalib o`tsak.

So`ngi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali “qaerdadir fuqaro IIV xodimiga qo`l ko`tardi” yoki “IIV xodimi kaltaklandi” va boshqa shunga o`xshash xabarlar ko`p uchrab turibdi.

Bundan ko`rinib turibdiki, jamiyatda hokimiyat vakili yoki o`z fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslar hamda fuqarolar o`rtasida turli xil ziddiyatli holatlar kelib chiqmoqda.

Holatlar o`rganilib, tahlil qilinganda ko`pchiligida fuqarolar tomonidan jamiyatda o`rnatilgan tartib qoidalarni mensimaslik, ularni buzish, hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshiliklar ko`rsatish aniqlangan.

Statistikaga e`tibor beradigan bo`lsak, so`ngi yillarda hokimiyat vakiliga nisbatan faol qarshilik ko`rsatish jinoyatlarining soni oshgan, jumladan 2019 yilda – 243 tani, 2020 yilda esa 251 tani, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tajovuz kayfiyati ham ortib, 2018 yildagi 24,1 ming holat sodir etilgan bo`lsa, 2020 yilda 39 ming holatni tashkil qilmoqda.

Bu bilan barcha holatlarda fuqarolar aybdor demoqchi emasmiz. To`g`ri o`z xizmat burchini yaxshi bilmaydigan, fuqarolarga nisbatan qo`pol muamalada bo`ladigan hokimiyat vakillari borligi ham rost. Bunday hokimiyat vakillari tegishli tartibda jazosini olishlari lozim. Agarda fuqarolar shunday holatlarga duch kelishsa, ya`ni hokimiyat vakili tomonidan unga nisbatan qo`pol muamala qilinsa yoki huquq va erkinliklari buzilsa, ushbu holat bo`yicha sudga yoxud boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilish huquqiga egadir. 

Shu o`rinda bir qator savollar to`g`ilishi aniq. Hokimiyat vakili kim? Fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxs kim? Qanday harakatlar hokimiyat vakiliga yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko`rsatish deb baholanadi? Endi esa, ushbu tushunchalarni ketma-ketma izohlab ko`rsak.

Hokimiyat vakili bu davlatning biron-bir hokimiyat organining nomidan ish ko`rib, muayyan vazifalarni doimiy yoki vaqtincha amalga oshiruvchi va o`z vakolatlari doirasida fuqaro yoxud mansabdor shaxslar uchun majburiy bo`lgan harakatlarni sodir etish huquqiga ega bo`lgan shaxsdir. Bularga huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat boshqaruvi organlari xodimlarini kiritish mumkin.

Fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxs deganda, davlat hokimiyati yoki boshqaruv organlari va jamiyatga yordam berayotgan, o`zining konstitusiyaviy yoki boshqa qonuniy majburiyatlarini bajarayotgan har qanday shaxs tushiniladi. Misol uchun huquqbuzarlikning oldini olgan, sodir etilgan yoki tayyorlanayotgan jinoyat to`g`risida yoxud qidirilayotgan shaxs turgan joy haqida hokimiyat organlariga xabar bergan shaxslarni keltirishimiz mumkin.

Faol qarshilik ko`rsatish deganda hokimiyat vakili yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsning o`z vazifalarini ado etishiga to`sqinlik qilishga qaratilgan harakatlari, masalan, jinoyatchini ushlashga, jinoyat qurollarini tortib olishiga, tintuv o`tkazilishiga to`sqinlik qilishni yoki erkinliklarini cheklashni tushunish mumkin.

So`ngi vaqtlarda ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik holatlari ham sezilarli daraja oshib bormoqda. 

IIO xodimlarining qonuniy talablariga quyidagilar kiradi:

  • huquqbuzarlikni to`xtatish;
  • hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish;
  • ichki ishlar organlariga borish yoki ko`rsatilgan muddatda ichki ishlar organlarida bo`lish;
  • transport vositasini to`xtatish; 
  • jabrlanuvchilarga yordam ko`rsatish va o`z xizmat vazifasida belgilab qo`yilgan boshqa talablar.

Shuningdek, yangi qabul qilingan Qonun bilan O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda o`z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko`rsatganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.

    Boshqa yangiliklar