Bugun, 9 oktyabr kuni Adliya vazirligida “Ota-onalar kuni” tashkil qilindi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati "Darakchi.uz"ga xabar berdi.
Ushba tadbirdan maqsad vazirlikda xodimlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, vazirlik faoliyati to`g`risida xodimlarning ota-onalarini yaqindan tanishtirishdan iborat.
Tadbirga Respublikaning barcha hududlaridan ota-onalar tashrif buyurishdi.
Bayramona ruhda tashkil qilingan tadbirda ota-onalar uchun vazirlik bo`ylab ekskursiya o`tkazilib ular farzandlarining xizmat xonalari bilan bevosita tanishtirildi, madaniyat xodimlari ishtirokida qiziqarli suhbatlar uyushtirildi.
Vazirlik rahbariyati tomonidan xodimlarning huquq sohasida amalga oshirayotgan samarali mehnatlari uchun ularning ota-onalariga minnatdorlik va tashakkur bildirilib, vazirlik huquqshunos kadrlar uchun o`ziga xos “maktab” ekanligi ta`kidlandi va xodimlarni qo`llab-quvvatlash borasidagi ishlar to`g`risida ma`lumot berildi.
Xususan, 2019-2021 yillarda 60 dan ortiq xodimlar chet el safarlariga yuborilgan bo`lib, Joriy yilda jami 121 nafar xodim turli rag`batlantirishlar jumladan, davlat mukofoti, ko`krak nishonlari va bir martalik pul mukofotlari bilan rag`batlantirilgan.
2019-2021 yillar davomida vazirlikning 14 nafar xodimlari yuqori turuvchi idoralar – Prezident Administrasiyasi va Vazirlar Mahkamasining rahbar va mas`ul lavozimlariga tayinlangan.
Shuningdek, xodimlarni uy-joy bilan ta`minlash, dam olish kunlarini maroqli o`tkazish imkoniyati yaratilgan, doimiy ravishda sport musobaqalari va timbilding aksiyalari o`tkazilib kelinmoqda.
Vazirlik bundan keyin ham xalqqa yaqin bo`lish, ochiqlik, byurokratiyadan xoli bo`lish kabi strategik maqsadlarni oldiga qo`yganligi yana bir bor ta`kidlandi.