Rossiyada ishlash huquqini beruvchi patent uchun tibbiy ko`rik O`zbekistonda o`tkaziladigan bo`ldi. Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bu haqda xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilish sohasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun o`n ming nafar fuqaroni Rossiya Federasiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo`natish loyihasi doirasida fuqarolarni mamlakatimiz hududida tibbiy ko`rikdan o`tkazishni tashkil etish uchun tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimlari O`zbekistonga etib keldi.
Endilikda, Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko`rik Rossiya sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o`rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida O`zbekistonda amalga oshiraladi.
Ta`kidlanishicha, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo`lgan o`zbekistonliklar uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.
"Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog`liq, jumladan, tibbiy ko`rikdan o`tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo`yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ko`zda tutilgan",–deyiladi xabarda.