7-10-oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasi, Moskva shahrida ot sportining konkur yo`nalishi bo`yicha Evrosiyo kubogi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston terma jamoasi sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Bu haqda Markaziy olimpiya qo`mitasi ma`lum qildi.
Musobaqa yakunlariga ko`ra, Bekzod Qurbonov “King Cornet L” laqabli oti bilan turnirning mutlaq chempioniga aylandi, Umid Kamilov esa “Nero Uno Rafael” laqabli otda kumush medalini qo`lga kiritdi. Yana bir chavandozimiz A`zam Tolibboev o`zining “Lady” laqabli otida faxriy to`rtinchi o`rinni band etdi.


So`nggi yillarda ushbu sport turi, qolaversa, naslchilik va zotdor otlarni ko`paytirish bo`yicha davlat tomonidan ko`rsatilayotgan e`tibor va g`amho`rlik samarasi o`laroq ot sportida chavandozlarimiz xalqaro maydonda ma`lum yutuqlarga erishishmoqda. Bu safargi musobaqa ham so`zimizning amaliy isbotidir.






