Kuni kecha Milliy matbuot markazida “Turonbank” ATB mutaxassislari yangi tashkil etilgan bank xizmatlari xususida jurnalistlarga ma`lumot bergani haqida xabar bergan edik.
Tadbir davomida Chakana xizmatlar ko`rsatish departamenti direktori o`rinbosari Eldor Vaxobov to`lovlarni qabul qilishga mo`ljallangan an`anaviy terminallar o`rnini egallab borayotgan yangi “One Touch” texnologiyasi va uning imkoniyatlari bo`yicha ham yig`ilganlarga ma`lumot berdi.
“Hozir – hozirgacha ma`lum bir savdo nuqtalarida terminal ishlamayotgani, quvvati yo`qligi, ta`mir uchun berilganligi kabi qator bahonalar ro`kach qilinib, aholidan naqd pul undirish holatlari kuzatiladi. Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda, shuningdek, naqdsiz hisob – kitoblar tizimini yanada taraqqiy ettirish maqsadida Turonbank O`zbekiston moliya blogi uchun yangi bo`lgan “One Touch” dasturini ishlab chiqdi va keng omma e`tiboriga havola etdi. U “Humo” plastik kartochkalarida ishlaydigan bo`lib, NFC tizimi mavjud smartfonlar yordamida to`lovlarni qabul qilish imkonini beradi. Ya`ni, qo`lingizdagi telefonga kartani tekkazish orqali siz to`lovlarni qabul qilishingiz mumkin bo`ladi. Mazkur xizmatga ulanish hozircha bepul va ayniqsa, etkazib berish va taksi xizmati, kichik savdo nuqtalarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun qo`l keladi. To`lovlar o`tganligi to`g`risidagi maxsus cheklar esa elektron shaklda taqdim etiladi. Qolaversa biz “One touch” ilovasi takomillashtirib, mazkur ilovada “Visa” xalqaro plastik kartalarini qabul qilish va “Visa” xalqaro to`lov tizimining “Pin on glass” texnologiyasini ham ishga tushirdik. U mijozlar tomonidan “Humo” va “Visa” xalqaro plastik kartalaridan 100 000 so`mdan oshiq bo`lgan to`lovlarni amalga oshirish vaqtida “One touch” ilovasida mijozdan PIN kod terishni so`raydi va to`lov xavfsiz smartfon orqali qabul qilinadi.”